Rossiya yonilg'i bozoridagi ustunligini saqlab qolmoqchi

Kaspiy dengizi va Markaziy Osiyodan Yevropa bozorlariga gaz yetkazish uchun raqobat avj olar ekan, Rossiya oldinda ketayotgan ko’rinadi, deya yozadi AQShning Wall Street Journal gazetasi.

Yevropa Ittifoqi gazning 25 foizini Rossiyadan xarid qiladi. Quvurlar asosan Ukraina va Belarus hududi orqali o’tgan. Ikki yil ilgari Rossiya-Ukraina orasida kelishmovchilik chiqib, Yevropaga ta’minot uzilgan edi. Shundan beri ittifoq Rossiyaga tobeligini pasaytirishga urinib keladi.

G’arb davlatlari yechim sifatida gazni Markaziy Osiyo va Kavkazdan Yevropaga yetkazuvchi va Rossiyani chetlab o’tuvchi “Nabukko” loyihasini olg’a surmoqda. Quvur 2012 yilda ishga tushishi mo’ljallangan, ammo 27 a’zoli Yevropa Ittifoqida byurokratik to’siqlar uning amalga oshishini sekinlashtirmoqda.

Yonilg’iga boy Rossiya esa “Janubiy Oqim” nomli muqobil quvurni ishga tushirmoqchi. Buning uchun hatto avvaliga G’arb loyihasiga rozilik bergan sharqiy Yevropa davlatlarini o’z tomoniga og’dirmoqda. Rossiyaning Gazprom kompaniyasi ustunlikka erishish yo’lida Ozarbayjon va Markaziy Osiyo gazi uchun bozor narxida to’lashga ham rozi.

“Nabukko” loyihasi yo’lidagi to’siq shuki, deydi mutaxassislar, Yevropada gaz qazib oluvchi kompaniyalar uni manzilga yetkazuvchi quvurlarni qura olmaydi. Bunga monopoliyaga qarshi qonunlar yo’l qo’ymaydi. Rossiyada esa bu ikki vazifani Gazpromning o’zi bajaradi.