Saudiya Arabistoni neft ishlab chiqarish hajmini
oshirishi mumkin. AQSh Kongressi esa mamlakatning xorijiy yonilg’i manbalariga
tobeligini kamaytirish kerak demoqda.
Saudiya Arabistoni Neft sanoati vaziri Ali al-Naimining
aytishicha, qirollik bozordagi talabga qarab neftni ko’proq ishlab chiqara
boshlaydi.
AQSh Kongressi Vakillar Palatasining Energetika mustaqilligi bo’yicha qo’mita
raisi Edvard Markining aytishicha, bu jahon bozorida neft narxining
arzonlashishiga olib kelmaydi.
Kongressmen Marki yonilg’i inqirozida 12 yil Kongressni boshqargan
respublikachilarni ayblamoqda. Shu davr mobaynida AQShning xorijiy neftga
tobeligi 46 dan 61 foizga oshdi. Yonilg’ining muqobil manbalariga esa e’tibor
qaratilmadi, deydi u.
2006 yilgi saylovlardan so’ng Kongress boshqaruvi demokratlar qo’liga o’tgan.
Muammoni hal qilish uchun prezident Bush va respublikachilardan prezidentlikka
nomzod Jon Makkeyn AQShning o’zida neft ishlab chiqarishni ko’paytirishga
chaqirmoqda. Demokratlar bunga qarshi.
Respublikachi senator Key Bayli Xatchison fikricha, buni taklif va talab taqozo
etadi, demokratlar esa bunga g’ov bo’lmoqda.
AQSh neft instituti rahbari Red Keyvni bu taklifga
qo’shiladi. Uning aytishicha, yonilg’ining qimmatlashishida asosan neft savdogarlari
aybdor.
Boshqa mutaxassislar fikricha esa, Qo’shma Shtatlar yonilg’ini tejaydigan
avtomobil sanoatiga yetarlicha sarmoya ajratmayapti.
Bugun jahon bozorida 1 barrel neft 136 yarim dollarga ko’tarildi. Bu o’tgan
yilgi narxlardan ikki baravar ko’p.