Jahonda bir milliard odam toza suvga muhtoj

Dunyo aholisining uchdan-bir qismi sanitariya va tozalik talablariga javob bermaydigan muhitda yashaydi.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti va BMT Bolalar Jamg’armasi shunday xulosaga kelgan.

Insoniyat 2015 yilga qadar ekologik sharoitni nisbatan yaxshilashni o’z oldiga maqsad qilgan. Hisobotda ana shu maqsad ijrosi tahlil qilinadi.

Hujjatda aytilishicha, suvning ifloslanishi va nobop sanitariya ahvoli -- kasallik va o’limga yetaklovchi bosh omillar. Bu muammo hal qilinsa, jamiki xastaliklarni 10 foizga kamaytirish mumkin.

Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkiloti vakili Jeymi Bartramning aytishicha, sayyora ahlining deyarli yarmi ichimlik suvini uzoqdan, chelaklab tashishga majbur. Jahon aholisining uchdan bir qismi hatto oddiy hojatxonadan foydalanishga sharoiti yo’q.

“Afrika davlatlarini olaylik… Ayollar suv olib kelish uchun bir tupkaning tagiga qatnashga majbur. Ba’zida yarim soat vaqt ketadi buning uchun,” deydi u.

Biroq umumiy vaziyatga qaraydigan bo’lsak, deydi BMT mutaxassislari, ijobiy o’zgarishni ko’rasiz. Insoniyatning 87 foizi toza ichimlik suvi manbaiga ega.

Ammo tozalik borasida ahvol hali ham tang. Osiyo va Afrika davlatlarida oddiy kanalizatsiyadan foydalanish imkoniyati yo’q.

UNICEF--BMT Bolalar Jamg’armasi vakili Klarissa Bloklxerst fikricha, bolalar xavfsizligi va rivojlanishi suv va tozalik kabi omillarga bevosita bog’liq.

Har kuni ich ketish tufayli besh mingga yaqin go’dak jon beradi. 90 foiz hollarda tozalikka rioya qilinmagani uchun.