Xitoy Internet-senzurani olib tashlashga va'da beryapti

Pekindagi Yozgi Olimpiya o'yinlari tashkilotchilari shu paytgacha Internetda taqiqlangan ayrim saytlarni musobaqalar davomida xorijiy jurnalistlarga ochib berishga rozi bo'lgan. Bunday qarorga kecha Xalqaro Olimpiya Qo'mitasi vakillari bilan muzokaralardan so'ng kelingan. Inson huquqlari ahvolini xalqaro miqyosda yorituvchi Xalqaro Amnistiya tashkiloti va BBCning xitoy tilidagi saytlari to'siq qo'yilgan sahifalardan hisoblanadi.

Xitoy prezidenti Xu Tsintaoning aytishicha, Olimpiya o'yinlarining siyosiylashtirilishiga yo'l qo'ymaslik kerak.

Yaqinda AQSh ijtimoiy markazi o'tkazgan so'rovga ko'ra xitoyliklarning 93 foizi Olimpiya o'yinlari mamlakatning jahondagi nufuzini ko'taradi deb hisoblaydi. So'rovni o'tkazgan mutaxassislardan biri Bryus Stouksning aytishicha, xalqning g'ururi shu qadar yuqoriki, musobaqalarda biror sababga ko'ra uzilish ro'y bersa xitoyliklarda G'arbga nisbatan nafrat paydo bo'ladi.

"Sabab siyosiy bo'ladimi, ekologik bo'ladimi yoki xitoylik sportchilar sust natija ko'rsatib bu hol G'arbda keng yoritiladimi, bularning barchasi xitoyliklarning G'arbdan ko'nglini qoldiradi."

Vashingtondagi Jorjtaun universiteti professori Viktor Chaning aytishicha, Olimpiya o'yinlariga tayyorgarlik davomida Xitoy bilan siyosiy masalalar bo'yicha muloqot qilishga erishilgan. Tayvan, Darfur, Tibet bo'yicha.

"Ko'p jurnalistlar Xitoy siyosatidagi ba'zi o'zgarishlarga qarab "tinch inqilob" haqida gapirmoqda. Olimpiada diplomatiya yillar davomida qila olmagan o'zgarishlarga sabab bo'ldi," deydi professor Cha.

Olimpiya o'yinlaridan so'ng ham Xitoyni islohotga undovchi bosim davom etadi, deydi u.

Human Rights Watch tashkiloti vakili Sofi Richardson bu fikrga qo'shilmaydi. Uning aytishicha, Xitoy inson huquqlarini aksincha ko'p buza boshlagan.

"Xitoyda ayrim odamlar hukumat o'z shijoatini Olimpiya o'yinlariga sarflashdan ko'ra inson huquqlarini yaxshilashga qaratsa yaxshi bo'lar edi degani uchun ham qamoqda o'tiribdi," deydi Richardson.