Afg'oniston, Pokiston ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik qiladi

Afg'oniston va Pokiston hukumatlari birgalikda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash strategiyasini ishlab chiqadi.

Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay va Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy bu haqda kelishib olgan. Ular Kolomboda Janubiy Osiyo davlatlari sammitida ishtirok etmoqda.

Terrorizm mavzusi sammitda keng muhokamada. Hindiston va Afg'oniston rasmiylari Pokiston razvedkasini qator portlashlarda ayblagan. O'tgan oy Hindistonning Kobuldagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumda 60 kishi halok bo'lgan edi.

Pokiston ayblovlarni rad etadi, biroq Bosh vaziri Yusuf Rizo G'iloniy mustaqil tergov o'tkazishga rozilik bergan.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha bosh diplomati Richard Baucher Pokiston hukumati ekstremizmga qarshi kurashda jiddiy muammolar bilan yuzlashmoqda deydi.

"Rasmiy Islomobod armiya va xavfsizlik xizmatlari ustidan nazoratni kuchaytirishi, ular safini mustahkamlashi zarur", - deydi AQSh diplomati.

Hindiston elchixonasidagi portlashda aynan Pokiston razvedkasi gumon qilinadi. Buni rad etayotgan Pokiston rasmiylarining so'zlariga ko'ra esa razvedka safida Tolibonga va jangarilarga xayrixoh xodimlar yo'q.