Tahlilchilar nazarida terror guruhlari o'zgarib  bormoqda

Xalqaro hisobotlarga ko'ra jahon bo’ylab sodir etilayotgan xurujlarning aksariyati al-Qoida tomonidan uyushtirilmoqda.

Boshqalar fikricha esa al-Qoidadan ko’ra kichikroq va tarqoq mahalliy radikal guruhlar ko'payib bormoqda.

Uzoq yillar Osama bin Laden faoliyatini kuzatgan, ammo uni tuta olmagan maxsus guruhning sobiq rahbari Maykl Shuerning aytishicha, al-Qoida tizimida katta o’zgarishlar ro’y bergan.


"Al-Qoida va unga aloqador guruhlarni butunlay yo’q qila olmaganimiz uchun ular shaklini va ish uslubini o’zgartirdi. Bundan tashqari al-Qoida ishlari va mafkurasidan ilhomlangan ko’plab maydaroq guruhlar bor. Ular ham xavf tug’dirmoqda",- deydi Shuer.

"Agar bin Laden yoki uning o’rinbosari Ayman al-Zavohiriy chiqishlariga e’tibor bersangiz, al-Qoidaning maqsadi jang qilish emas, balki jahon bo’ylab musulmonlarni oyoqqa turg’izib, xurujlarga ilhomlantirish", - deydi Markaziy Razvedka Boshqarmasining sobiq agenti.

Boshqarmaning sobiq tahlilchisi Mark Segman fikricha esa al-Qoida ta’siri ostida vujudga kelayotgan radikal guruhlar a’zolari terrorchilarning oldingi avlodiga qaraganda ancha savodsiz.
"G’arb islom dini bilan urush qilmoqda degan gaplar ularga qattiq ta’sir qiladi. Masalan, Iroqdagi voqealarga qarab ular islom diniga qarshi keng miqyosda fitna bor deb hisoblaydi".

Mark Segmanning aytishicha, mahalliy terror guruhlariga qarshi kurashish oson emas.

"Oldin biror xurujni fosh qilib uning tashkilotchilarini bittada qo’lga tushirsa bo’lar edi. Hozir ish ancha qiyinlashgan. Ular hamma joyga tarqab ketgan. Men buni “rahbariyatsiz jihod” deb atayman", - deydi Segman.

Tahlilchilar nazarida ko’p hollarda xuruj ortida kim turganini bilish oson emas. Al-Qoidami yoki bironta mahalliy guruhmi. Shunga qaramay, deydi aksil-terror markazi rahbari Maykl Leyter, al-Qoida AQShga qarshi yangi xurujlar tayyorlash niyatidan qaytmagan.