Germaniya: Gruziya hali ham NATOga kira oladi

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev “fuqarolarimizga qarshi qurol ishlatganlarning ta’zirini beramiz”, - demoqda.

Germaniya kansleri Angela Merkel nazarida Rossiya qo’shini Gruziyani tark etishga shoshilmayapti. Kreml harbiylar mamlakatdan chiqyapti desa-da, Kavkazdan kelayotgan xabarlarga ko’ra, ular haliberi joyidan qimirlagani yo’q.

Bugun Janubiy Osetiyada parlament tarqatilib, favqulodda holat e’lon qilingan.

Kreml armiya Gruziyani bugundan boshlab tark etadi degan edi.

Tbilisiga safar qilgan Germaniya kansleri Angela Merkel nega buni ko’rmayapmiz degan hayron.

Rossiya general podpolkovnigi Anatloiy Nogovitsin esa qo’shinlar Gruziyaning Gori shahridan chiqmoqda va Janubiy Osetiya tomon yo’nalmoqda deydi.

Sulhga ko’ra, Rossiya va Gruziya kuchlari urushdan oldin qayerda turgan bo’lsa, o’sha nuqtalarga qaytishi shart.

“Biz o’sha xavfsizlik zonasiga qaytamiz”,- deydi Nogovitsin. Rossiya Janubiy Osetiyada doimiy harbiy baza ochishi mumkin. Buni mintaqa rahbari Eduard Kokoyti Kremldan iltimos qilgan.

Tbilisidagi muzokaralar ketidan Angela Merkel “Germaniya Gruziyaning NATOga a’zo bo’lish harakatini quvvatlaydi va bunga erishadi degan umiddamiz”, - degan.

Prezident Mixail Saakashvili bu bayonotni mamnuniyat bilan qarshilagan.

”Rossiya harbiylarining chiqishi va sulh ijrosini Yevropa Ittifoqi yoki Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti yaqindan kuzatishi va kafolatlashi lozim”, - deydi Saakashvili.

Gumanitar yordam yetib ketishi, xalqaro tinchlikparvar kuchlar hududga kirishi va hammaga ma’qul hujjat ishlab chiqilishi kerak deydi Gruziya rahbari.

BMT qoshidagi bolalar jamg’armasi – UNICEF urush tufayli uy-joyini tark etgan aholi, xususan bolalar taqdiriga e’tiborni qaratmoqda.

UNICEF “qochqinlar asosan ayollar va bolalar” deydi. Agentlik kelasi oydan boshlab maktablarni qayta ishga tushirmoqchi. Maktab binolari hozirda qochqinlar uchun boshpana vazifasini o’tamoqda.