O'zbeklar tarixi haqida yangi kitob

Sovet hokimiyatining ilk yillarida minglab o’zbeklar va mintaqadagi boshqa elatlar Turkistonni tark etgan.

O’zbekiston mustaqil bo’lganidan keyin esa o’qish, ish va farovon hayot izlab xorijga chiqib ketayotganlar ko'paydi.

O’zbeklar ko’p mamlakatlardan biri – Turkiya. So’nggi uch yildan buyon bu mamlakatda yashayotgan tilshunos va huquqshunos Bahtiyor Shohnazarov vatandoshlari haqida kitob yozdi.

370 sahifadan iborat kitob turk tilida ("Türkiye’deki Özbekler. Gerçek Yaşam Öyküleri") bir ming nuxsada chop etilgan.

“Turkiyadagi o’zbeklar” kitobi ikki qismdan iborat",- deydi muallif.

"Birinchisida o’zbeklarning kelib chiqish tarixi, Sovet davrida o’zbek madaniyati va tili hamda migratsiya jarayonlariga urg’u beriladi. Kitobning ikkinchi qismi esa muallifning Turkiyada istiqomat qiluvchi 50 dan ortiq o’zbeklar bilan suhbatlari asosida yozilgan".

Turkiyada qancha o’zbek borligi ma’lum emas. Muallifga ko’ra, ba’zi manbalarda 30 ming deyiladi, ammo buni aniqlashtirishning iloji yo’q. Mamlakat aholisi faqat "turk" deb ro'yxatga olingani sabab, deydi Baxtiyor Shohnazarov, biror bir elat vakilining sonini bilish qiyin.

"Turkiyaga ko’p yillar oldin borib qolgan o’zbeklar o’z an’analari, tili va udumlariga rioya qiladi, ammo yosh avlod bulardan bexabar qolmoqda", - deydi muallif.

Bahtiyor Shohnazarov kitobni o’zbek, rus va ingliz tillariga ham o’girishga umid qilmoqda. Ayni damda Internetdagi ferghana.ru veb-sahifasida kitobdan rus tilida parchalar keltirilmoqda.