O'zbek yoshlari dunyo folklorini asrashda hissa qo'shadi

1979 yilda Avstriyaning Vena shahrida asos solingan Xalqaro Folklor San’ati Tashkilotining (XFT) asosiy maqsadi ijod va madaniyat orqali elatlararo hamjihatlikni mustahkamlash.

Yaqinda tashkilot AQShning Yuta (Utah) shtatiga dunyoning iste’dodli yoshlarini yig’di. Yuta nasroniylarning mormon mazhabi, konservativ va ibtidoiy qarashga ega sekta keng tarqalgan maskan. Biroq shtat madaniy o’choq ham hisoblanadi.

Xalqaro Folklor San’ati Tashkiloti ijodkor yoshlarni bejiz bu yerga taklif qilmagan. Yoz fasli Yutada turli mahalliy bayramlar mavsumi. Amerikaning g’arbiy shtatlariga xos bo’lgan ko’tarinki kayfiyat hukm suradi bu yerda. Tashkilotning ilk yoshlar kongressi shtat poytaxti Solt-Leyk-Siti (Salt Lake City)da bo'lib o'tdi.

Tashkilotning AQShdagi bosh vakili Jorj Frandsenning aytishicha festivaldan maqsad, yer yuzida yo’qolish xavfi ostida bo’lgan tarixiy obida, til va madaniy boyliklarni saqlab qolish, ular haqida jahon ahlini voqif etish.

Xalqaro Folklor San’ati Tashkiloti prezidenti Karmen Padiyya fikricha madaniyatni asrash yoshlar qo’lida. “Ularga bu borada yo’l ko’rsatish, qadriyat nima ekanini tushuntirish esa kattalarning vazifasi. Aks holda kelajak avlod insoniyat o’tmishi va buguni haqida to’liq ma’lumot ololmaydi”, - deydi Padiyya xonim.

Festivalda Gretsiya, Belgiya, Bolgariya, Kipr, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan kelgan ko’plab yoshlarni uchratasiz.

“O’zarbayjon xalqining go’zal san’ati, madaniyat va urf-odatlari bor. Bu yerda turli mamlakatlardan kelgan tengqurlarim bilan uchrashar ekanman, o’zim bilan olib kelgan minatyura sana’atini tanishtiryapman. Ozarbayjon rassomchilik tarixi, me’moriy obidalari va raqs san’atini yorqin ranglarda namoyish etyapmiz”, - deydi Ozarbayjonlik yosh rassom Sakina Zeynalova.

Kiprning turklar yashaydigan qismidan kelgan Chise Zekay, “biz haqimizda dunyo yaxshi bilmaydi, o’z elatimni tanitish uchun bu yerga keldim”, - deydi.

“Kipr turklari kichik jamoa. Bu yerga kelib, milliy kiyimlarimizda chiqish qilishimiz, musiqa va raqsimizni namoyish etishimiz – biz ham bu dunyoning bir parchasi ekanimizdan nishona”.

Tashkilot tarixi va so’nggi yillardagi faoliyati haqida to’xtalar ekan, bosh kotib Xans Xoltz muammolar ham yo’q emas deydi.

“Madaniyat aloqalarni targ’ib qiluvchi tashkilotlarning umumiy muammosi – moliya. Xalqaro Folklor tashkiloti a’zolik badali yordamida faoliyat ko’rsatadi. Biroq a’zolarimizning aksariyati iqtisodiyoti sust bo’lgan mamlakatlardan va shu kichik to’lovlarimiz ham ularga og’ir kelyapti. Bu esa ayrim tadbirlarimizni biz istaganimizdek o’tkazishga imkon bermaydi. Hozirgi kunda yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qilish xususida muzokaralar olib boryapmiz. Biroq tashkilotga ko’proq a’zolarni jalb qilish asosiy masalalardan”, - deydi janob Xoltz.

O’zbekistondan qatnashchilar ko’p emas, ammo ko’zga ko’rinarli. Ulardan biri - mumtoz va zamonaviy janrdagi qo’shiqlari bilan tanilayotgan yosh xonanda Dilmurod Musayev.

“Men o’zim bilan o’zbek milliy cholg’u asboblari: tanbur va dutorni olib keldim. Shu cholg’ular jo’rligida Toshkent maqom yo’llari, Xorazm maqom yo’llari, Buxoro-Toshkent, Farg’ona-Toshkent… Samarqand ushshog’i, Toshkent irog’i, Bozurgoniy kuylarini aytib berdim. Bu kuylar orasidagi farqi nimada deb so’rashdi. Farqi aytilish usulida, qochirim yo’llarida bo’lishini ko’rsatib berdim”.

Yoshlarning mumtoz kuylarga qiziqtirish birdan bo’ladigan ish emas, bu ko’proq oilaviy tarbiyaga bog’liq, deydi Dilmurod.

“Yoshlarning mumtoz kuylarga qiziqishini yomon yoki yaxshi deb bo’lmaydi. Ularning bu yo’nalishga qiziqtirish oilaga bog’liq. Masalan yoshligimizda ota-onam shu qo’shiqlarni majburlab eshittirishgan, qulog’imizga singdirishgan, musiqaning ma’nosi haqida tushuntirishgan. Maslahatim oilaviy sharoitdan kelib chiqib yondashilsa, har bir sohaga qiziqish uyg’otsa bo’ladi”, - deydi Dilmurod Musaev.

Festivalda Markaziy Osiyo tarixi, o’zbek ufr-odatlari, musiqa va ijro san’ati, cholg’u asboblari, qolaversa mamlakatdagi me’moriy obidalarga qiziqish katta bo’ldi.

Turli millat yoshlari birlashib, Xalqaro Folklor San’ati Tashkiloti va UNESCO homiyligidag maxsus komissiya tuzishga kelishib oldi. Yangi komissiya jahon yoshlari bilan internet orqali bog’lanib, san’atga e’tiborni oshirish, qadriyatlarni tiklash va avaylash g’oyalarini targ’ib qilmoqchi.

O’zbekistonlik Dilmurod Musaev ushbu tashkilotni tanitish uchun maxsus kuy bastalash niyatida. Ana shu kuy orqali balki o’lkadagi boshqa iste’dodlarni o’zaro hamkorlik va madaniyat kelajagi uchun qayg’urishga chorlay olar.

Tashkilot haqida qo’shimcha ma’lumotlar: www.iovworld.org