Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiya qo'ymadi, Kreml "mamnun"

Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan strategik hamkorlik bo'yicha muzokaralarni to'xtatadi, ammo sanksiya qo'ymaydi.

Bryusselda o'tgan favqulodda yig'ilishda Yevropa rahbarlari Rossiyaning Gruziyaga hujumini qoralagan. Rossiya harbiylari Gruziyani tark etsagina, hamkorlik davom etadi, deydi ular.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin "Yevropa Ittifoqi aql-idrok bilan ish tutdi" deya xulosa qilmoqda. U Yevropa Ittifoqi keskin qarorlar bilan chiqmaganidan mamnun ekanini bildirgan.

Rossiyaga qarshi keskin choralar ko'rishga chaqirgan Britaniya Bosh vaziri Gordon Braun Rossiya o'ziga choh qazimoqda deydi.

"27 a'zoli Yevropa Ittifoqi", deydi Braun, "bir ovozdan Rossiya amalga oshirgan agressiyani hamda Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil deb tan olish qarorini qoralaydi".

Ayni paytda ittifoqqa rahbarlik qilayotgan Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi "Rossiya bilan real hamkorlik qilishni istaymiz" degan. Ammo buning uchun har ikki tomon harakat qilishi zarur. Hozircha Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan keng-qamrovli muzokaralarni qoldiradi. Shart shuki Rossiyaning qolgan askarlari ham Gruziyani tark etishi lozim.

Bush ma'muriyati Bryusselda o'tgan yig'ilish natijasini olqishlamoqda. "Yevropa va AQSh Gruziya suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo'llab-quvvatlaydi" deyiladi Oq uy bayonotida.

Britaniya hamda sharqiy Yevropa davlatlari Rossiyani jazolashga chaqirgan edi. Fransiya, Germaniya va Italiya Moskvaga sanksiya qo'yish taklifini rad etib, muloqotni olg'a surgan.

"Haqiqat shuki", deydi Britaniyaning sobiq Tashqi ishlar vaziri Deyvid Oven, "Yevropaning ko'p davlatlari Rossiya yonilg'isiga muhtoj. Ittifoqning zaif tomoni – shu jihatdan Rossiyaga tobeligidir".