Tanishing: Sara Peylin, AQShning ehtimoliy vitse-prezidenti

44 yoshli Sara Peylin (Sarah Palin) AQShning navbatdagi vitse-prezidenti bo'lishi mumkin, ammo xalq u haqda ko'p narsa bilmaydi.

Peylin 3 sentabr kuni o'z partiyadoshlari oldida – respublikachilarning saylovoldi qurultoyida so'zlab, ommaga o'zini tanishtirishga harakat qildi.

Prezidentlikka respublikachi nomzod, 72 yoshli Jon Makkeyn (John McCain) saylansa va biror sabab bilan o'z vakolatlarini bajara olmasa, bu ayol uning o'rniga o'tiradi.

Makkeyn sog'lig'i tetikligini, prezidentlikni o'tashga layoqatli ekanini aytmoqda, ammo hatto uning yaqin safdoshlari ham rahbarlik rak va boshqa qator kasalliklar bilan olishib kelayotgan bu shaxsga og'ir tushishi mumkinligini tan oladi.

Vitse-prezidentlik uchun bir necha ko'zga ko'ringan arboblar saralandi. Lekin Makkeyn ko'pchilikka notanish kishini bu lavozimga ma'qul ko'rmoqda.

"Jon Makkeyn aqlidan ozganmi"? - deya so'raydi ayrim amerikaliklar. Vatan qahramoni va fidoiy arbob saylovda Barak Obamadek (Barack Obama) so'zga chechan va shuhrat qozongan nomzodni shunday hamroh bilan yuta oladimi? Obama muovinlikka tajribali senator Jo Baydenni (Joe Biden) tanlagan.

"Obama gapga usta bo'lishi mumkin, ammo boshqaruvda menchalik tajribaga ega emas. Amerika yuzlashayotgan muammolarni men va Jon Makkeydek tushuna olmaydi",- deydi Peylin.

"Men Vashingtonga tanilish uchun emas, xalqqa xizmat qilish uchun bormoqchiman",- deydi u.

Sara Peylin anoyi emas. Gubernator besh farzandning onasi. Katta o'g'li Iroqqa xizmatga otlanmoqda, kenjasi esa nogiron tug'ilgan. Oila muqaddas, abort vahshiylik, nikohsiz farzand ko'rish esa gunoh deydi Palin. "Baxtli ona va rafiqaman", - deydi u.

Jinsiy tarbiya oiladan boshlanadi deb bong urarkan, Peylinning 17 yoshli qizi, maktab o'quvchisi, homilador ekani ayon bo'ldi.

Odamlar bu "sharmandalik" desa, Sara Peylin "qizim hayot sinovlaridan o'tmoqda" deydi.

"Ota-onam oddiy maktab o'qituvchilari bo'lgan. Umr yo'ldoshim va men ham mehnatda katta bo'lganmiz. Boshga tushganni ko'z ko'radi. Men alyaskalik bir oddiy onaman".

Lekin Sara Peylin u qadar oddiy emas. Maktabda mohir basketbolchi bo'lgan. A'lo baholarga o'qigan. Jasur va tirishqoqligi bilan tanilgan. Siyosatga kirmasdan oldin tadbirkorlik qilgan, undan oldin esa mahalliy televideniyeda sport sharhlovchisi bo'lgan.

Sara Peylin avval kichik shahar kengashi a'zosi bo'ldi, keyinchalik mer etib saylandi. Ikki yil oldin esa Alyaska hokimi.

Gubernator sifatida korrupsiyaga qarshi kurash boshladi. Alyaskada energetika sanoatini kengaytirish uchun harakat qildi.

"Yonilg'i yetishmayapti, neft qimmat deb vaysashdan hojat yo'q. Alyaska zaxiralarga boy. Konlarni ochib, neft ishlab chiqarishni kengaytirish kerak. Alyaska AQShning muammolarini yecha oladi", - deydi Peylin.

Sara Peylin Alyaska aholisi nazarida yetuk siyosatchi. Reytingi 80 foiz atrofida.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan odamlar uni "vijdonli arbob", "ishni eplaydi, va'daboz emas",- deya tar'filaydi.

Hatto tanqidchi jurnalistlar ham uni maqtaydi.

"Odamlar Sara Peylinga shubha bilan qarashi mumkin, ammo ishiga qarab lol qolasiz",- deydi sharhlovchi Matt Zensi.

Siyosiy tahlilchi Deyvid Mark nazarida esa Sara Peylin – islohotchi.

"Bir joyda qotib qolmagan. Jon Makkeyn ham shu toifadagi odam. Peylin Alyaskada o'z partiyasining yirik a'zolari qanchalik yulg'ich ekanini fosh eta oldi. Yana bir sifati shuki, bu ayol Amerika o'z neft boyliklarini ishlatsin deb keladi. Uning fikricha xorij neftiga tobelikdan qutulish ko'p muammolar yechimidir".

Gubernator Sara Peylin chet elga safarlarga chiqib turadi. Yaqinda Quvaytga borib, amerikalik harbiylar bilan uchrashdi. Usta mergan sifatida qurol-aslahani yaxshi tushunadi.

Biroq bu sifatlar uning vitse-prezidentlikka tayyor ekanidan dalolat emas. Tanqidchilar nazarida Sara Peylin tashqi dunyo, AQSh tashqi siyosati haqida yaxshi bilmaydi.

Sara Peylin esa "prezident xizmatida bo'lishga tayyorman", - deydi.

Makkeyn saylansa, Sara Peylin AQShning ilk ayol vitse-prezidenti bo'ladi.