Gollivudda tamakini yomon otli qilmoqchilar

Qo’shma Shtatlarda yirik kinokompaniyalar tamakiga qarshi kurash boshlagan. Ya’ni kashandalar tasvirlangan filmlarga maxsus tamg’a bosiladi, “chekish sog’liqqa zarar” degan mazmunda. Bu esa o’smirlarni sog’lom hayot tarziga da’vat etishi mumkin.

Amerikada bolalar va o’smirlar DVDda filmni prokatga olar ekan, agar unda tamaki chekayotgan qahramonlar bo’lsa, kino boshida chekishga qarshi reklamani tomosha qilishi kerak bo’ladi. Mazmun shu: bir gramm nikotin otni o’ldiradi.

AQSh Kasallikni Nazorat Qilish Markazi hisobicha, yoshlar kino, televideniye yoki reklamada kimdir chekayotganini ko’rsa, taqlid qilishga moyil.

Tamaki kompaniyalari yoshlarni jalb qilish uchun mentol mazasi bor sigaretalarni chiqara boshlagan. Amerika Salomatlik Jurnali buni qoralamoqda.

Amerikaning 6 yirik kinokompaniyasi, ular joylashgan Kaliforniya shtati rasmiylari va xayriya fondlari birlashib, tamakiga qarshi reklama-targ’ibot ishlari olib bormoqda.

Den Glikman - Amerika Kino Uyushmasi vakili:

”Buni hamma muammoyu dardlarga davo deb bo’lmaydi albatta. Har holda salomatlik tuman boylik degan naql bilan ishlashga bel bog’laganmiz. Qo’ldan kelgancha harakat qilamiz.”

Bunday reklamalarni katta yoshdagi tomoshabinga mo’ljallangan fimlarda ko’rmaysiz. Ayrimlar, xo’sh, film qahramoni tamaki cheksa nima qilibdi deb hayron bo’ladi. Kalifornia gubernatori Arnold Shvartsenegger ham shu fikda:

”Faqat shuning uchun fimlarni kesish yoki qisqartirishga qarshiman. Odamlarga, yoshu qariga tamakining zararini eslatib tursa, shuning o’zi kifoya. Kinoga tegib nima zarur?”

Hisob-kitoblarga ko’ra, o’smirlar ko’radigan filmlarning yarmidan ko’pida tamaki tasvirlanadi.

Buni ko’rgan o’smirlar tamaki chekishni zamovaniylik timsoli deb tushunishi mumkin. Shunda ularga har yili yer yuzida millionlab insonlar chekkani sabab hayotdan bevaqt ko’z yumishini eslatgan ma’qul.