Afg'onistonning Pokiston bilan chegaradosh Spin Boldak shahridagi portlashda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ishlayotgan ikki shifokor halok bo'lgan.
Suiqasd bombachi aholini falajga qarshi emlash uchun shahar tomon yo'nalayotgan BMT kolonnasini nishonga olgan. 15 kishi jarohatlangan. Afg'oniston sharqidagi Xost viloaytida afg'on va koalitsiya kuchlari bir necha jangarini o'ldirgan.
Afg'onistonda jangari harakati avj olar ekan, Qo'shma Shtatlar mamlakatga qo'shimcha kuch safarbar etmoqda. Prezident Bushning aytishicha mazkur yilning noyabr oyida va kelasi yil yanvarda jangovar brigada Afg'onistonga yo'l oladi. AQSh rahbari fikricha Iroqda vaziyat nisbatan barqarorlashgan, biroq amaldagi harbiy strategiya davom etadi.
"Iroq xavfsizlik kuchlarining harbiy mahorati oshib borgan sari ko'proq amerikalik zobitlar uyga qaytadi", - deydi Bush. Kelasi yil fevral oyida 8 ming harbiy, jumladan uchuvchi, muhandis va harbiy politsiyachilar Iroqni tark etadi.
AQSh prezidentligiga nomzodlar respublikachi Jon Makkeyn va demokrat Barak Obama bu qarorni olqishlamoqda. Makkeyn Obamaning "prezident bo'lsam, amerikalik askarlarni 16 oy ichida Iroqdan chiqaraman" degan va'dasini qoralab keladi.
Barak Obama fikricha Iroqdan chiqish sanasini belgilabgina mahalliy rahbarlarni siyosiy murosaga undash mumkin. Obama asosiy diqqatni Afg'onistonga qaratish lozim deydi.
Ommaviy so'rovlarga ko'ra prezident poygasida saylovchilar iqtisodiyotni birinchi, Iroqdagi urushni ikkinchi eng muhim mavzu deb biladi.