Forum o'tdimi? O'tdi. Bundan ortiq nima kerak?

2-3 oktyabr kunlari Toshkentda matbuotni erkinlashtirish mavzusida xalqaro forum o`tdi. Biroq anjuman natija bermagan, Yevropa va O`zbekiston rasmiylari muloqot o`rnatishga muvaffaq bo`lmagan.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, rasmiy Toshkent uchun matbuotni erkinlashtirish masalasi emas, balki xalqaro konferensiyaning o`tgani muhim.

Unda ishtiriok etgan xalqaro tashkilot vakillari ta’biricha, O`zbekiston rasmiylari aniq mavzular bo`yicha muzokara yuritishni istamagan. Mahalliy matbuotining tadbir haqida bergan ma`lumotlariga qarab shuni bilsa bo’ladiki, xalqaro tashkilotlar bildirgan e`tiroz, munozaralar haqida jamoatchilik bexabar.

Sharhlovchilar fikriga ko`ra, matbuot erkinligiga bag`ishlangan xalqaro forumning asosiy maqsadi amalga oshmadi. O`zbekiston matbuotining erkinligiga to`siq bo`lib turgan omillar jamoatchilikdan sir tutilmoqda. Shuning o`zi O`zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog’liq vaziyat qanday ekanini ko`rsatadi.

O`zbekiston televideniyesi xabariga ko`ra, tadbir Yevropa Ittifoqi va Toshketn o`rtasidagi muloqotning navbatdagi ko`rinishi ekani bilan ahamiyatli.

Forumga mustaqil jurnalistlar chaqirilmadi. O`zbekiston tomonidan Fuqarolik instituti, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy uyushmasi, mahalliy jurnalistlar, shuningdek, ayrim rasmiy idoralardan vakillar qatnashgan.

Unda xalqaro tashkilotlardan Human Rights Watch, Bo'hronlarni o'rganish xalqaro guruhi, Xalqaro Amnistiya Tashkilotidan vakillar ishtirok etgan.

“Amerika ovozi” forumda qatnashgan xalqaro tashkilotlar vakillari bilan gaplashishga muvaffaq bo’ldi.

Konferensiyada xalqaro tashkilotlar ko`targan masalalardan biri - matbuotning tanqid qilish huquqi, jumladan hukumatni ham.

“Mustaqil jurnalistlar nima sababdan bu konferensiyaga taklif etilmaganini bilmayaman, lekin forumda O`zbekiston tomonidan qatnashgan jurnalistlar hukumatni qo`llovchi vakillar ekanini tushundik,” - deydi xalqaro tashkilot vakili.

Uning aytishicha, nodavlat televideniye, gazeta tahririyatida jurnalistlar bilan bo`lgan uchrashuv matbuotga nisbatan munosabat boshqacha ekanini ko`rsatgan. Nima sababdan hukumatni tanqid qilish mumkin emasligini o`zbekistonlik vakillar milliy mentalitet bilan tushuntirgan.

“O`zbekiston jamoatchiligi bunga tayyor emas, urf-odatlar bilan hisoblashish kerak, qabiladagi javoblar oldik,” - deydi u.

Uning aytishicha, forum faqat muammolar yuzasidan gapirish imkoniyati bo`lganligi uchun e'tiborli. Lekin bu muammolarning jamoatchilikka yetkazilmasligi achinarli.

“Anjumanda o`zbek televideniyesi bor edi. Biz jamoatchilik e`tiborini jalb qilish uchun qamoqdagi mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov ozod etilishi talab qilingan plakatni ko`rsatdik. Albatta bu (televideniyeda) ko`rsatilmasa kerak,” - deydi forumda qatnashgan boshqa bir xalqaro tashkilot vakili.

Tadbirda mustaqil jurnalist Solijon Abdurahmonov masalasi muhokamaga chiqqan, lekin O`zbekiston vakillari bunday jurnalistni tanimasliklarini aytgan.

Tadbirda ishtirok etgan Human Rights Watch vakili Steve Crawshaw O`zbekistonda qog`ozdagi qonunlar va amaliy hayot o`rtasida katta farq bor, deydi.

“Biz O’zbekistonda yuzlab gazetalar, televideniyelar borligini, qonunlar qabul qilinayotganini, matbuot erkinligi, bir qancha hujjatlar imzolangani haqida eshitayapmiz, lekin bu gap-so`zlar va amaldagi hayot o`rtasida farq juda katta,” - deydi u.

Human Rights Watch vakilining so’zlariga ko`ra, yevropaliklar O`zbekiston rasmiylariga matbuotga doir muammolar ko`pligi, qamoqdagi jurnalistlar haqida gapirishga uringan, biroq ularni hech kim eshtmagan.

“Mening nazarimda matbuot erkinligi borasidagi og`ir muammolar, faktlar haqida gapirish, ularni muhokama qilish uchun hech qanday imkoniyat yo`qday,” - deydi u.

10 yil avval O`zbekistonda ishlagan Urush va tinchlikni yoritish inistituti (IWPR) vakili Jon Maklaud ta’biricha, shuncha yillardan keyin ham o`zgarish borligi kuzatilmaydi. Seminardan kelib chiqib, O`zbekiston matbuotni erkinlashtirish uchun islohotlar o`tkazmoqchi deyish qiyin.

“O`zgarish bo`lishi uchun hokimiyat xohishi kerak. Bu esa sezilmaydi. Shunday ekan, bu seminar vaziyatni o`zgartiradi deyish qiyin. Asosiysi, Yevropa davlatlari biror qarorga kelishdan oldin vaziyatning shu tomonlariga ahamiyat qaratishni yoddan chiqarmasligi zarur,” - deydi u.

Xalqaro ekspertlar nazarida Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasidagi mazkur forum demokratik islohotlar, matbuot erkinligi bilan bog`liq vaziyatni bir qadar iliqlashtirishi kerak edi. Biroq o`tgan muzokaralar xalqaro tashkilotlar harakati samarasiz ketayotganini, Yevropa va O`zbekiston o`rtasida bu borada muloqot o`rnatilmaganini ko`rsatgan.

“Gap shundaki, Yevropadagi ayrim davlatlar O`zbekistonda vaziyat iliqlashayotganini ko`rishni istaydi. Hatto, bunday o`zgarishlar bo`lmagan taqdirda ham, ular muloqot bo`layapti-ku deyishadi. Lekin muloqot aniq bir maqsadlarga erishish uchun tashkil qilinishi kerak. Muloqot shunchaki muloqot o`tkazish uchun qilinmaydi, bunday muloqotdan samara yo`q,” - deydi Human Rights Watch vakili.

Bo`hronlarni o`rganish xalqaro guruhi vakili Endryu Strolayn (Andrew Stroehlein) seminarda hukumat axborot vositalaridan vakillar ishtirok etgani, biroq unga mustaqil jurnalistlar, xorij axborot vositalari kiritilmaganiga e`tibor qaratadi.

Bo’hronlarni o`rganish guruhi vakili fikriga ko`ra, seminardan keyin o`zgarish bo`lishiga ishonch kam. Forumning o`tkazilishi Yevropa sanksiyalar masalasini ko`rayotgan bir paytda O`zbekiston hukumati uchun muhim bo`lgan.

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston xalqaro tashkilotlarga e`tiroz bildirgan. G`arb tomonidan O`zbekistonga nisbatan axborot xuruji uyushtirilayotgani, mamlakatda matbuot erkinligini bo`g`uvchi to`siq yo`qligi, OAVdagi islohotlar bosqichma-bosqich o`tkazilayotgani shular jumlasidan.

Ismi ochiq aytilishini istamagan jurnalistlardan biri bugungi o`zbek matbuotiga shunday ta`rif beradi.

“Bugungi kunda xalq matbuot borligini ham esdan chiqargan, chunki xalq dardini yozmaydigan matbuotning keragi yo`q. Hukumat o`zining targ’ibotlarini yurg`izish uchun matbuotdan foydalanib kelmoqda. O`zbekistondagi qolgan matbuot faqat sariq nashrlardan iborat,” - deydi jurnalist.

Uning aytishicha, hukumat senzurani olib tashlash bilan matbuot ustidan nazoratni bir necha marotaba kuchaytirgan. Senzura bekor bo`lgach, bosh muharrirlarning nazorati ikki barobarga kuchaydi. Ular o`z amali, yumshoq kursilarini yo'qotishdan qo`rqib, senzurani kuchaytirgan. Prezident devonida olti oy-bir yil tayyorgarlikdan o`tgan, nimani yozish-yozmaslikni biladigan odamlar bosh muharrir qilib jo`natiladi gazetalarga. Ozbekistonda erkin fikr bo`lishi uchun lozim bo`lgan muhit, havoning o`zi yo`q,” - deydi jurnalist.

Xalqaro seminar arafasida o`z mulohazalarini bildirgan mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyid matbuotni erkinlashtirishga qaratilgan biron dastur imzolansagina seminardan foyda bo`lishi mumkinligini ta`kidlagan edi.

Tahlilchilar fikriga ko`ra, matbuotni erkinlashtirish bo`yicha o`tgan seminarda O`zbekiston tomoni mamlakatda so`z erkinligi bilan bog`liq vaziyatni xolis tahlil qilish u yoqda tursin, bu borada jiddiy muammolar borligini, jurnalistlarga nisbatan ta`qib, tazyiqlar mavjudligini ham tan olishni istamagan.

Ma`lumotlarga ko`ra, anjuman so`nggida O`zbekiston forum yakuniga ko`ra o`zbek matbuoti rivojlanish bosqichlarini ko`rsatuvchi hamkorlik bayonotini imzolashga harakat qilgan. Yevropa vakillari bunday bayonot imzolashni istashmagan.

O`zbekiston seminardagi mulohazalar bilan so`z erkinligi bo`yicha islohotlar o`tkazishni istamasligiga ishora qilgan. Bu rasmiy Toshketnga nisbatan sanksiyalardan voz kechishga hozirlanayotgan Yevropa davlatlari tomonidan e`tiborsiz qoldirilishi mumkin degan xavotirlar mavjud.