Ko'hna Xivada mennonitlar tarixiga oid ko'rgazma ochiladi

Kelasi yil Xivada ochilishi kutilayotgan ekspozitsiya AQShdagi Kauffman va Xivadagi Ichon Qal’a Muzeylari hamkorligida yaratilmoqda.

Mennonitlar Xiva me’morchiligi, Turkistonda fotografiya va kinematografiya rivojiga hissa qo’shgan qavm sifatida tilga olinadi.

Mennonitlar - XIX asrda Turkistonda, aniqrog'i, Xivada yashab, tirikchilik qilgan, nasroniy va nemis kelib chiqishiga ega jamoa.

Mennonitlar nasroniylarning Menno Simons (1496-1561) degan faylasufi boshlagan oqim bo'lib, bugun dunyo bo'ylab taqriban 1,5 millionni tashkil etadi.

Yevropada tazyiqqa olingan bu insonlar keyinchalik Shimoliy Amerika va Afrikada qo'nim topgan. Injil ularning muqaddas kitobi va mennonitlar har bir nasroniyning asosiy vazifasi kamtarona hayot kechirib, xunrezlik va urushdan saqlanishdir deb hisoblaydi. Jamoa orasida zamonaviy turmush va texnologiyani rad etuvchilar ko'p.

Tarixiy kitoblarda mennonitlar Markaziy Osiyoda xristianlikni targ'ib qilgan va Yevropa uslublarini tanishtirgan guruh deb ta'riflanadi.

AQShning Betel Kolleji (Bethel College) sobiq muallimi, hozir iste'foga chiqqan professor Jim Yanke (Jim Junhke) deydiki, Xiva xalqi xotirasida mennonitlar boshqa xislatlari bilan esda qolgan.

"Xivada qo'nim topgan nemislar qishloq xo'jaligi, duradgorlik va me'morchilikda juda ustamon bo'lgan. Xivada zamonaviy binolar qurishda ularning xizmati katta. Masalan, pochta, maktab va kasalxonalar, Nurullaboy saroyining parketdan ishlangan poli, naqshinkor eshiklari, jihozlar menonitlarning ishi. "Zinger" (Singer) tikuv mashinalarini birinchi bo'lib Xivaga olib kelganlar ham ular. Yangilik, islohot olib kelgani bilan ajralib turar edi bu jamoa."

Mennonitlar XIX asr boshigacha Rossiyada yashagan. 1880 yilda rus podshosi Aleksandr II ularni harbiy xizmatga chaqiradi. E'tiqodiga zid bo'lgan bu majburiyatdan qutulish uchun jamoa yordam so'rab Turkiston general-gubernatori Fon-Kauffmanga murojaat qiladi. General menonitlarni Turkistonga taklif qiladi.

"Xon Muhammad Rahimxon II ijozati bilan 200 kishidan iborat nemislar jamoasi Xivada qo'nim topadi. Ular harbiy xizmatga bormaslik, erkin e'tiqod qilish, maktablar ochish imkoniyatiga ega bo'ldi. Evaziga mennonitlar xon xazinasiga soliq to'lab borardi. Ulardan ikkisi – Xerman Yansen va Emil Raysen xon saroyida tilmoch va maslahatchi bo'lib ishlagan. Islom dini hukmron yurtda nasroniylarga boshpana bergan Xiva xonining sahovati tahsinga loyiq",- deydi professor Yanke.

Muhammad Rahimxon II o'z davri uchun juda ilg'or fikrlar edi. Iste'dodli, ijod ahlini rag'batlantirgan, yangilikka intilgan arbob, kuy bastalab, she'r yozgan xon juda murakkab davrda yashadi. Ayniqsa, hozir dunyo xalqlari diniy adovatdan charchagan bir pallada xonning qarorini esga olish muhim, deydi professor Jim Yanke. Nasroniy ajnabiylarni panohiga olish uchun jasorat kerak bo'lgan.

"Chor Rossiyasi bilan murosa qilish ham oson bo'lmagan. Rossiya istagan payt bosib, yanchib tashlashi mumkin edi. Xorijdan mehmon qabul qilish kerak ekan, Feruz bu mehmon tinchlikparvar nasroniy nemis jamoasi ekanidan xursand edi, fikrimcha. Bundan tashqari, menonitlar qo'li gul usta bo'lib chiqdi. Ilg'or xonga astoydil xizmat qildi",- deydi professor Yanke.

Darvoqe, Turkistonda fotografiya va kinematografiya rivoji ham mennonitlar migratsiyasi bilan bog'liq.

Nemis ruhoniysi va muallimi Vilgelm Penner Xudoybergan Devonovga suratkashlik sirlarini o'rgatib, unga ilk fotokamerani sovg'a qilgan.

Devonovga rus tilidan saboq bergan ham Penner, deydi doktor Jim Yanke. Shundan so'ng birinchi o'zbek kino operatori Devonov Moskva va Peterburgga safar qilib, teleskop, grammofon, foto va kinoapparatlar olib keladi.

Xudoybergan Devonovning operatorlik faoliyati rus kino san'atkorlari faoliyati bilan deyarli bir vaqtda boshlangan.

Ichon Qal'adagi ko'rgazmaning ochilishi 2009 yilning bahor-yoz oylariga rejalangan. Ekspozitsiya boshida turgan inson – Xivadagi muzey rahbari Ozod Karimov.

U 2007 yilda Amerikadagi Kauffman Muzeyi bilan bog'lanib, birgalikda loyiha boshlashni taklif qilgan. Shu yili Xorazmga safar qilgan professor Jim Yanke va Kauffman Muzeyi xodimlari bu tashabbusni ma'qullagan. Tez orada Xiva va mennonitlar haqida kitob bosmadan chiqishi kutilmoqda.