Saylov kuni har bir fuqaro istagan nomzodi uchun o'z shtatida ovoz beradi. Lekin aslida prezident umumiy saylovlarda emas, balki Saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Kollegiyadan 270 ovozni olgan nomzod prezident deb topiladi.
15 dekabr kuni 50 shtat va Kolumbiya okrugida jami 538 vakil prezident uchun ovoz beradi. Ular Saylovchilar kollegiyasi deb atalmish kengash a'zolari. AQSh konstitutsiyasiga ko'ra, prezidentni bevosita oddiy saylovchilar emas, shu odamlar saylaydi.
Amerika universiteti professori Kurtis Gans har bir shtat kollegiyada qancha ovozga ega bo'lishini tushuntiradi.
"Har bir shtatdan Kongressga qancha qonunchi saylansa, o'sha shtatda prezident uchun ovoz beruvchi saylovchilar soni ham shuncha. Fuqarolar ana shu delegatlarga ovoz beradi. Qaysi nomzod o'sha shtatda ko'p ovoz olsa, undagi delegatlarning hammasi yutgan nomzod hisobiga yoziladi," deydi Gans.
Nebraska va Meyn shtatlaridan tashqari. Bu shtatlarda delegatlar nomzodlar uchun berilgan ovozlar foiziga qarab taqsimlanadi.
Jorj Vashington universiteti professori Dennis Jonsonning aytishicha, demokratlar va respublikachilar 538 nafar saylovchi-delegatning aksariyatini qo'lga kiritishga intiladi.
"Saylov strategiyasi haqida o'ylaydigan bo'lsak, doim 270 raqamini esda tutish kerak. Aynan mana shu miqdordagi saylovchi-vakillar soni prezident kim bo'lishini aniqlab beradi. 270 ovozni olishda muhim rol o'ynaydigan shtatlar uchun kurash qizg'in kechadi," deydi Jonson.
Professor Gansning aytishicha, bu raqamni qo'lga kiritishning turlicha yo'llari bor.
"Davlatimiz respublikachi va demokratlarga bo'lingan ekan, nomzodlar avvalo osonlikcha yutadigan shtatlarni hisoblaydi," deydi u.
Qolgan shtatlar esa demokrat nomzodga ham, respublikachi nomzodga ham ovoz berishi mumkin. Shu sabab har ikki partiya vakillari barcha kuch-g'ayratini o'sha shtatlar saylovchilarini o'zi tomon og'dirishga sarflaydi.
Tahlilchi Piter Fenning aytishicha, kampaniya davomida muhim qarorlar qabul qilinadi.
"Asosiy e'tiborni qaysi shtatlarga bergan ma'qul, pulni qayerda sarflagan yaxshiroq, ko'pchilik ovozlarni qo'lga kiritish uchun nima qilish kerak?"
Ayrim shtatlarning kimga ovoz berishini oldindan bilish qiyin. Shu bois, saylovlar ba'zida katta tomosha. 2000 yilda Demokratik partiya nomzodi Al Gor raqibi Jorj Bushga qaraganda mamlakat bo'ylab yarim million ko'p ovoz oladi. Ammo Florida hal qiluvchi shtat bo'lib, u yerda nomzodlarga deyarli teng ovoz beriladi. G'olibni aniqlash uchun bir necha hafta davomida ovozlarni qayta saylashga to'g'ri keladi. Jarayon har ikki partiya tomonidan katta e'tirozlarga sabab bo'ladi.
Bush kampaniyasi masalani Oliy Sudga oshiradi. 13 dekabr kuni, ya'ni saylovlardan bir oy o'tib Oliy Sud Floridada Bush yutgan degan qaror chiqaradi. Shtatning 25 saylovchi-delegati Bush hisobiga o'tib, u 271 delegat bilan Al Gorni besh ovoz farq bilan mag'lub qiladi.
Mutaxassislar fikricha, har ikkala partiya amaldagi saylov tizimiga o'rganib ketgan va uni hali-beri o'zgartirishga ishtiyoqi yo'q.