O'zbekistonliklar: Tolibon bilan muzokara natija berishi mumkin

Afg’onistonda vaziyat kun sayin og’irlasharkan, mutaxassislar hukumat va toliblar o’rtasida muzokara natija berishi mumkin degan fikrda.

U yerda barqarorlik o`rnatilishi Markaziy Osiyo, xususan, O`zbekiston uchun muhim. Lekin sharhlovchilar nazarida faqat muzokara yo’li bilan barqarorlikni ta’minlab bo’lmaydi.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov nazarida Tolibon bilan muzokara qilish taklifi avval ham yangragan.

“Afg’onistondagi urush avjiga chiqqan paytda AQSh va BMT toliblar bilan muzokara boshlab, ularni bo`lib tashlashni ko’zlagan edi, lekin bu tashabbus samarasiz tugagan”, - deydi Farxod Tolipov.

Tolibon va Afg’oniston ma’muriyati Saudiya Arabistonida muloqot qilgani haqida ma`lumot bor. Toliblarning asosiy talabi – chet el qo’shini Afg`onistondan ketishi shart.

“Tolibon pozitsiyasi oradan shuncha vaqt o`tgani bilan o`zgarmagan. Shunday ekan, muzokara samarali o’tishi shubhali. Muloqot bo`ladimi-yo`qmi, Afg’onistondagi xavfsizlikni NATOdan boshqa tashkilot ta`minlay olmaydi”, - deydi Farxod Tolipov.

Xalqaro koalitsiya Afg`onistonga kirganiga yetti yil bo`ldi, ammo hamon tinchlikdan darak yo'q. Ayrimlar nazarida NATO sust harakat qilmoqda.

“Afg’onistonda narkotik moddalar ishlab chiqarish keskin oshmoqda, Tolibon kuchaymoqda. Shunday ekan, NATO harakatini muvaffaqiyatli deb bo`lmaydi”, - deydi sharhlovchi Abdurauf Olimov.

Tahlilchi Iskandar Xudoyberganov nazarida Afg’onistonda hayot ancha izga tushgan.

“Avval toliblarga qarshi turadigan kuch yo`q edi, na mintaqa, na boshqa davlatlarda. Vaziyat bir yoki ikki yilda yaxshilanmaydi, bu uzoq va og’ir jarayon. Shu tomonlari bor. Hozir baribir ilgarigidek urushlar kuzatilmaydi, ziddiyatlar sekinlik bilan hal qilib boriladi”, - deydi sharhlovchi.

“O`zbekiston Afg’onistondagi tiklanish ishlarida, yo`llar, shifoxonalar, maktablar qurilishida ishtirok etishi kerak. Hozir faqat kuch ishlatish bilan Afg’onistonda barqarorlik o’rnatib bo’lmasligi muhokama qilinayapti”, - deydi Farxod Tolipov.

Afg’onistonda so`nggi paytlarda harbiy to’qnashuvlar kuchaygan, tinch aholi orasida qurbonlar soni tobora ortmoqda.

Toliblarga qarshi kurashni beliga tepayotgan sabablardan biri, deydi tahlilchilar, hukumatda korrupsiya chuqur ildiz otganidir.