AQShda prezident saylovlari - har bir ovoz g'animat

Amerikada prezident saylovlariga 3 kun qolar ekan, respublikachi Jon Makkeyn Oq uyni qo’lga kiritish uchun qat’iy kurash olib bormoqda. Saylov kampaniyasining so’nggi kunlarida ham demokrat Barak Obama reytinglarda kamida 5-6 foiz oldinda.

Makkeyn natijani hal qiluvchi shtatlar sanalgan Virjiniya va Pensilvaniyada, u vitse-prezidentlikka tanlagan Sara Peylin esa Shimoliy Karolina va Floridada kampaniyani davom ettiryapti.

Obama g’alabasini bashorat qilayotgan ommaviy so’rovlarga qaramasdan, Jon Makkeyn fikricha saylov kuni nima bo’lishini hech kim ayta olmaydi. “Raqamlarga ishonmang”, - deydi u tarafdorlariga.

Makkeyn raqibini soliqlarni oshirishga harakat qilayotganlikda ayblashda davom etyapti. Uning aytishicha, Obama yosh, tajribasiz, u mamlakat oliy qo’mondoni bo’lishga ham tayyor emas.

Vitse-prezidentlikka nomzod Sara Peylin Obamani terrorchilar bilan bog’lovchi siyosiy reklamalarni himoya qilib chiqmoqda. “Xalq nomzodlarning o’tmishi, ularning kimlar bilan do’stlashib yurgani haqida bilishi kerak”, - deydi u.

Gap 1960-yillarda radikal guruhga asos solib, Vietnam urushiga norozilik belgisi sifatida Amerikada bir necha binolarni portlatgan Vilyam Ayers haqida ketmoqda. Obama hozirda kollej professori bo’lib ishlayotgan Ayers bilan tanish ekanini, ammo u bilan yaqin aloqada bo’lmaganini ta’kidlab keladi.

Demokratlar nazarida saylovda iqtisodiyot bosh masala bo’lib turgan bir paytda, Jon Makkeyn mavzuni o’zgartirib, saylovchilarni chalg’itmoqchi. Barak Obama tarafdorlarini kurashni oxirigacha olib borishga undagan.

Har ikkaka partiyadan nomzodlar omma orasida shuhrat qozongan siyosatchi-arboblar yordamidan ham foydalanib keladi.

Jon Makkeynni Kaliforniya shtati gubernatori, kino yulduzi Arnold Shvartsnegger va Nyu-York shahri sobiq meri Rudi Juliani, Barak Obamani esa sobiq prezident Bill Klinton va sobiq vitse-prezident Al Gor quvvatlab chiqqan.

Gor fikricha Obamaning ehtimoliy g’alabasi AQShning xalqaro maydonda yo’qotgan obro’si, mavqeini tiklash uchun imkoniyatdir. Klinton davrida vitse-prezident bo’lgan Gor demokratlarni saylov kunini kutib o’tirmasdan, muddatdan avval ovoz berishga chaqirgan.

Prezident Jorj Bush ham Amerika xalqini saylovlarda faol ishtirok etishga da’vat etmoqda. “AQShda saylov jarayoni”, deydi u, “Gruziya, Ukraina, Afg’oniston va Iroq kabi yosh demokratiyalarga namunadir”.