O`zbekistonda muxolifat vakillari prezident o'zgargach AQSh va O`zbekiston munosabatlarida o`zgarishlar bo’ladi degan umidda. Siyosiy sharhlovchilar nazarida bu oson bo’lmaydi.
"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan faollar AQShda demokrat nomzod Barak Obama rahbarlikka saylanishini istaydi.
Sharhlovchilarga ko`ra AQShda o`tayotgan saylovlar demokratik tanlov na`munasi o`laroq odamlar e`tiborini jalb etmoqda.
“Saylov butun dunyoga AQSh demokratiyasini namoyon etmoqda”,- deydi jamiyatshunos Komron Aliyev. Uning fikricha otasi keniyalik bo`lgan odamning Amerikada prezidentlikka nomzod etib ko`rsatilishi, bu xalq odamlarni rang, din va millatiga qarab emas, bilimga qarab baholashini isbotlamoqda.
Lekin Oq Uy uchun kurashayotgan senatorlarga nisbatan O’zbekistonda munosabat turlicha.
O`zbek muxolifati vakillari ko`proq demokrat Barak Obamani qo`llab quvvatlashini, saylov u g`alaba qilgan taqdirda munosabatlar jadallashishi mumkinligini aytishadi.
“Ko`pchilik AQShdagi saylovlarning bizga nima daxli bor deyishi mumkin.Albatta, bor.Oxirgi paytda ikki davlat aloqalari shu darajaga bordiki, demokratik kuchlarni, ichkarisida ham, tashqarida ham quvvatlamaslikka kelishib olindi.Biz Obama tarafidamiz, chunki juda ko`p yangiliklar olib kelishini kutayapmiz. Ayniqsa terrorizm bo`yicha qilgan bayonoti, terrorchilik harakatini amalga oshirilishida hukumat rahbariyatini ham aloqlasi borligi haqida aytgan fikrlari”, - deydi “Birlik” partiyasi bosh kotibasi Vasila Inoyatova.
Muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov nazarida esa AQSh siyosatida ulkan o`zgarish bo`ladi deyish qiyin.
“Barak Obama g`alaba qozongan taqdirda, oldinga intiluvchi harakatlar qilishi mumkin. Biroq O`zbekiston bilan munosabatlarda ham umumiy kurs avvalgidek qoladi. Munosabatlarda nisbatan yangilik bo’lishi mumkin”, - deydi Otanazar Oripov.
Sharhlovchi Komron Aliev ham demokratlardan ko’p narsa kutmaydi.
“Demokratlarni inson huquqlari va islohotlar o`tkazish borasidagi siyosati asosan takliflar bilan cheklanadi”, - deydi u.
Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov fikricha esa AQSh- O`zbekiston munosabatlarining ildamlashishi va demokratik progress bo’lishi uchun O`zbekistonning o’zi harakat qilishi kerak.
“Bizdagi ichki siyosatga qarash kerak. Bizda siyosat o`zgarmasa, Amerikada kim prezident bo`lishidan qat’iy nazar hech narsa o`zgarmasligi mumkin. Lekin AQShda prezidentning yangilanishi O`zbekiston rahbariyatiga munosabatlarni yaxshilash uchun yangi imkoniyatlar ham ochib beradi ”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.
Ayrim sharhlovchilar tahlilicha O’zbekistondagi vaziyat, qolaversa bugun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol bilan Barak Obamadan ko’ra respublikachi nomzod Jon Makkeyn yaxshiroq tanish.
Mintaqaga ko’p marta safar qilgan. Hukumatlar bilan muzokaralar olib borgan va ular haqida tanqidiy fikrlar bildirgan.
Makkeyn 2005 yil Andijon fojialaridan so`ng O`zbekistonga tashrif buyurgan, biroq o`sha paytda O`zbekiston prezidenti Islom Karimov senator bilan muzokaralar o`tkazishni xohlamagan. Makkeyn Karimovni diktatorlikda va xalqiga nisbatan zulm o’tkazganlikda ayblab keladi.
O'tgan bir yil ichida Toshkent-Vashington orasida diplomatik muloqot jonlandi. Amerikaning Toshkentdagi elchisi Richard Norland prezident Karimov bilan bir necha bor uchrashgan va uning davlati O'zbekiston bilan har tomonlama aloqalarni kuchaytirishga va o'zaro manfaatli sohalarda ishlashga shay ekanini aytgan.