O'zbekistonda turizm rivojiga nima halaqit bermoqda?

O’zbekiston “Buyuk ipak yo’li” loyihasi doirasida sayyohlik tizimini rivojlantirish harakatida.

Toshkentda o’tgan xalqaro anjuman ishtirokchilari turizm taraqqiyoti uchun imkoniyatlar haqida fikr almashgan. Mutaxassislar ta'biricha, Buyuk Ipak Yo’li o’tgan mintaqa davlatlarida sayyohlikni yo’lga qo’yish siyosiy yechim talab qiladi.

Sayyohlik firmasi mutaxassisining aytishicha, mintaqa davlatlarini kesib o`tgan Ipak Yo’lida hech bir firma mustaqil tur-sayohat tashkil eta olmaydi. Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari xatto qo’shni mamlakatga borish uchun viza olishga majbur.

“Buyuk Ipak Yo`li” loyihasi ishga tushishi uchun mintaqa davlatlari o`rtasida viza tartibini bekor qilish, infratuzilmani rivojlantirish va umumiy iqtisodiy, siyosiy zona yaratish kerka, deydi u.

“O’zbekturizm” agentligi direktori o’rinbosari Alisher Shamsiyev so’zlariga ko`ra, ayni paytda mintaqa sayyohlik bazasini umumlashtirish ustida muhokama ketmoqda.

“Turizmni rivojlantiramiz desak, hamkorlik qilmasdan ilojimiz yo`q. Bunga ko`z yumib bo`lmasligini hamma tushundi. Yaqin yillarda bu soha keng rivojlanadi va bizda ham mehmonlarni Yevropa hamjamiyatidagi kabi qabul qilamiz, ularni qo’shni davlatlar orqali vizasiz olib otish imkoniyati bo’ladi. Kechagi konferensiyada ham shunday xulosaga kelindi”, - deydi Shamsiyev.

Buning uchun nafaqat soha xodimlari, balki siyosiy doiralar ham harakat qilishi kerak bo’ladi.

Ammo Toshkenda o`tgan xalqaro konferesiyada masalaning siyosiy tomoni muhokama qilinmagan. Anjuman yakunida qabul qilingan deklaratsiya ham, deydi Alisher Shamsiyev, siyosiy sharoit tilga olinmagan.

“Deklaratsiya biror siyosiy talablarni aks ettirmaydi”, - deydi u.

Sayyohlik masalasi bilan shug’ullanuvchi firma vakili nazarida Buyuk Ipak Yo`li haqiqatda maftunkor nom. Biroq turistlarni mamlakatga jalb etish uchun faqat nomning o`zi yetarli emas. Uning aytishicha, viloyatlarda ahvol achinarli.

“Oddiy narsa, shaharlararo yo`llarda sanitariya-gigena talablariga javob beruvchi hojatxonalar qurilmagan. Bu ayniqsa, g`arblik sayyohlarda yomon taassurot qoldirayotgan holatlardan biri”, - deydi u.

Boshqa bir vakilning so’zlariga ko’ra, infratuzilmani yaxshilash uchun turizm firmalaridan pul yig’iladi, muhokama qilinadi.

“Sayyohlik bilan shugu’llanuvchi tashkilotlar uchrashib turadi, muammolar ko’riladi, lekin biror samarasi bo`lmagan”, - deydi u.

Yaqinda sayyohlik bilan shug’ullanuvchi firmalarga nisbatan talab kuchaytirilgan, firmalarning ustav kapitali 10 million so`mga ko`tarilgan. Ko`pgina firmalar qayta ro`yxatga olishda jarayonidan o`ta olmagan.

“Odam istagan ishi bilan shug’ullana olishi, buning uchun sharoit bo’lishi kerak deb hisoblayaman. Ustav fondini 10 million so`m qilib belgilab, sayyohlik bilan shug’ullanuvchi firmalar sonini kamaytirishdi”, - deydi ro`yxatdan o`tish harakatida yurgan firma rahbari.

O’zbekistonda sayyohlik va tijorat chambarchas bog’liq.

“100 foizi tijorat bilan bog`liq. Dam olgisi, sayohat qilgisi kelganning puli bo’lishi kerak, bu esa iqtisodiy sharoitga borib taqalishini hamma biladi. Ba’zilar turizm maqsadi bila xorijga borib, pul ishlaydi, tirikchilik qiladi”, - deydi firma vakillaridan biri.

Keyingi paytda Turkiya tomonidan viza tartibining bekoq qilinishi ko`pgina o`zbekistonliklar uchun tujoratni dam olish bilan muvofiqlashtirishga imkoniyat yaratgan.