AQSh Afg'onistonda mujohidlar yordamidan foydalanmoqchi

Afg’onistonda tinchlikni tiklash AQShning yangi saylangan prezidenti Barak Obama oldidagi asosiy vazifalardan biri.

Janubiy Osiyo davlatlari nazarida Amerika Afg’onistondagi strategiyasini o’zgartirmas ekan, Tolibonni mag’lub qilish amri mahol.

AQSh qo’mondonlari Tolibonni qurol tashlashgan ko’ndirish uchun mujohidlar yordamidan foydalanmoqchi.

NATO kuchlari Afg’onistonning Kunar viloyatida Tolibonga qarshi hujumlarini kuchaytirgan.

Jangarilar ham xurujlarni oshirmoqda.

Janubiy Osiyo bo’yicha mutaxassis Stiv Koll AQShning Afg’onistondagi harbiy strategiyasi o’zgarishi lozim deydi.

“Mintaqaga nisbatan yo’naltirilgan siyosiy va iqtisodiy yordam dasturlari qayta ko’rilib, diplomatik muloqot jonlantirilishi kerak,” - deydi janob Koll.

AQSh Markaziy qo’mondonligi boshlig’i Deyvid Petreyus Afg’onistondagi vaziyatni yaqindan kuzatar ekan, hukumat Tolibon kuchlari bilan muloqotga kirishib, sulhga erishadi degan umidda.

Gulbiddin Hikmatyor kabi qabilaviy yetakchilar, mujohid guruhlar rahbarlari, Tolibon va hukumat orasida vositachilik qilishi mumkin. Buning uchun Hikmatyorga moliyaviy yordam beriladi va siyosiy doiralarga qo’shilishi uchun imkoniyat yaratiladi. Amerika Iroqda shu yo’l bilan qabilaviy oqsoqollarni o’z tomoniga o’tkazgan edi.

Biroq Tolibon barcha xorij kuchlari mamlakatni tark etmasa, “Afg’on hukumati bilan muzokara qilmaymiz” deb turib olgan.

Tolibon AQShni Afg’onistonni parokanda qilayotganlikda ayblaydi. Amerika afg’on yeridan ketmas ekan, bu jangarilar al-Qoida bilan hamkorlikdan voz kechmoqchi emas.

Siyosiy tahlilchisi Stiven Koen, Tolibon bunday shart qo’yayotgan bo’lsa, u bilan hech qanday muzokara qilmaslik kerak deydi.

“AQSh qanday qilib sizni yo’q qilamiz deyayotgan guruh bilan sulh haqida gaplashadi?” - deya so’raydi mutaxassis.

Biroq boshqa tahlilchilar, jumladan, pokistonlik Shuja Navoz AQSh Tolibon bilan muloqotga kirishi kerak deydi.

“Agar Tolibon tarkibidagi ayrim mo’tadil kuchlarni qurol tashlashga ko’ndirib, ularga yaqinlashayotgan saylovlarda qatnashishga yo’l bersak, qolgan toliblar ham ularga ergashishi mumkin," - deya fikrlaydi Shuja Navoz.

Gap radikal bo’lmagan jangarilar bilan til topishishda, deydi u.

Ayni damda general Deyvid Petreyus mintaqada, Pokiston va Afg’oniston rasmiylari bilan uchrashmoqda.

Vashington general Petreyus Iroqdagi tajribaga tayangan holda Afg’onistonda ham xunrezliklarni to’xtatishga erishadi degan umidda.