AQSh Kremlning mudofaa tizimi rejasiga javobidan norozi

Kremlning "agar Qo'shma Shtatlar Yevropadagi mudofaa tizimi rejasidan qaytsa, Rossiya ham Polsha yaqinida ballistik raketalarni joylashtirish ahdidan kechadi" degan gaplari Bush ma'muriyati tomonidan qabul qilinmayapti. Ammo, deydi Oq Uy, Qo'shma Shtatlar Rossiya bilan bu borada muloqotga tayyor.

NATOga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashish uchun Estoniyaga borgan Robert Geytsning aytishicha, Rossiya taklifi noo'rin.

"Raketalarini Kaliningradga qo'yib hech narsaga erisha olmaydi. Rossiya uchun yagona tahdid Eron bo'lishi mumkin, ammo Iskandar rusumidagi raketalari Erongacha yetib bormaydi. Demak, Rossiya raketalarini Yevropaga qaratmoqchi, ammo nega," deb hayron bo'ladi AQSh mudofaa vaziri.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning fransuz gazetasiga aytishicha, u AQShning yangi saylangan rahbari Barak Obama bilan samimiy munosabatda bo'lmoqchi va Obama mudofaa tizimi rejasidan qaytadi deb umid qilmoqda.

Davlat departamenti so'zlovchisi Robert Vudning aytishicha, departamentning qurollarni cheklash bo'yicha mas'ul vakili Jon Rud yaqin kunlarda Moskvaga borib, AQShning tizim borasidagi takliflarini muhokama qilmoqchi.

"Rossiya Yaqin Sharqdan kelajakda keladigan tahdidga jiddiy qarashi lozim. Biz bundan xavotirda va shu sabab ham mudofaa tizimini joriy etmoqchimiz va Rossiya bilan bu borada hamkorlikka tayyormiz," deydi Vud.

Barak Obama saylov kampaniyasi paytida Bush ma'muriyati olg'a surayotgan mudofaa tizimini tanqid qilgan edi. Uning fikricha, tizim AQShga qimmatga tushadi va uning texnik salohiyati hozircha aniq emas. Ammo Obama atrofidagi ayrim siyosatchilar nazarida yangi ma'muriyat mudofaa tizimi rejasidan qaytmasligi mumkin.

Mudofaa vaziri Robert Geyts Rossiya tizimni nazorat qilishda qatnashsin demoqda.

"Siyosiy va iqtisodiy taraqqiyot shuni taqozo etadiki, Rossiya G'arb bilan hamkorlikni kuchaytirishi kerak. O'ylaymanki, hozirgi vaziyat vaqtincha bo'lib, kelajakda ancha samarali va ijobiy munosabatlarga o'tamiz," deydi Geyts.