Ozarbayjon xorijiy radio eshittirishlarni to'xtatmoqchi

Ozarbayjon hukumati kelasi yildan boshlab AQSh moliyalovchi radio stansiyalar -“Ozodlik” va “Amerika Ovozi” eshittirishlarini havo mavjlaridan olib tashlamoqchi.

Mamlakat Televideniye va Radio Kengashi rahbari Nushiravan Maharamli so’zlariga qaraganda bu ikki tashkilot bilan imzolangan kelishuv muddati 2009 yilda nihoyasiga yetadi va rasmiy Boku uni yangilamoqchi emas.

Amerikalik qonunchilar ta’biricha yaqinda ikkinchi muddatga saylangan prezident Ilhom Aliyev Barak Obama ma’muriyati bilan do’stona munosabatlar o’rnatmoqchi bo’lsa bu fikridan qaytishi kerak. Kongressmen Alsi Xeystings va senator Benyamin Kardin Ozarbayjon prezidentiga shu ma’noda maktub yo’llagan.

“Mamlakatda FM to’lqinlarida chiqadigan “Ozodlik” va “Amerika Ovozi” radiosi eshittirishlari sifat va tezlik jihatdan mahalliy jurnalistlarga namuna bo’la oladi. Ozarbayjon fuqarolari uchun esa noyob axborot manbai”, - deyiladi xatda.

Bokuga safarbar etilgan rasmiylar masala yaqin orada hal bo’lishiga ishonch bildirmoqda.