Kecha Nyu-York birjasida qimmatbaho qog'ozlar narxi yana tushgan. AQSh Iqtisodiy izlanish byurosiga ko'ra, mamlakat iqtisodiyoti bir yildan beri tanazzulda. Bu mamlakat iqtisodiy inqirozga yuz tutgani haqidagi ilk rasmiy xabardir.
Byuro rahbari Jeyms Poterbaning aytishicha, inqirozni aniqlashda iqtisodiy faoliyat baholanadi.
"Ishlab chiqarish, ishsizlik, yalpi ichki mahsulot hajmi va daromad ko'rsatkichlari," deydi mutaxassis.
AQSh Iqtisodiy izlanish byurosi davlat idorasi bo'lmasada, uning xulosalari rasman tan olinadi. Byuro iqtisodiy tanazzul qancha davom etishini bashorat qilmaydi. Ammo mutaxassislarga ko'ra, hozirgi inqiroz davomiyligi bo'yicha Ikkinchi jahon urushidan keyingi 10 oylik tanazzuldan ham o'tib ketdi. So'nggi marotaba AQSh iqtisodiyoti inqirozga 2001 yili tushgan. Juda qisqa muddatga.
Markaziy Bank raisi Ben Bernanke "Buyuk tushkunlik" nomini olgan 30-yillardagi vaziyatni hozirgisiga qiyoslar ekan, ular bir-biridan tubdan farq qiladi deydi.
"Eng avvalambor, iqtisodiyot hajmi bo'yicha," deydi u.
Tanazzul rasman e'lon qilinganiga qaramay, foiz stavkalari ko'pga qisqartirilmaydi, deydi Bernanke.
BMT hisobotiga ko'ra, kelasi yili jahon iqtisodiyoti yanada sekinlashishi kutilmoqda. Aynisa rivojlanayotgan davlatlarda iqtisodiy o'sish 2.7 foizga tushishi mumkin. Bunday ko'rsatkichlar bilan qashshoqlikni kamaytirib bo'lmaydi, ijtimoiy va siyosiy barqarorlikni saqlash esa qiyinlashadi.