O’zbekistonning ayrim qishloqlarida aholi yangi yilni chiroqsiz qarshi olmoqda.
Bayram arafasida jarohat olgan fuqarolardan biri shifoxonada vafot etgan.
Marhumning qarindoshlari kasalxonada chiroq vaqtida berilmagan deya shikoyat qilmoqda.
Inson huquqlari uchun kurashib kelayotgan faollar nazarida 2008 yil tazyiq va bosimlar davri bo’ldi.
Mamlakatda ishsizlik, taqchillik va adolatsizlik hukmron deydi ular.
Qashqadaryolik faollardan biri Norali Nurbekov so’zlariga ko`ra, bayram arafasidagi janjalda pichoqlangan fuqaro tuman shifoxonasiga yetkazilgan, biroq shifoxonada chiroq bo`lmagan.
Keyinchalik operatsiya o`tkazilgan, biroq bemor hayotini saqlab qolish imkoniyati bo`lmagan.
“Shifoxonada chiroqlar yondirilgan, bir soatlardan keyin uni morgga o`tkazishgan, morgda chiroq bo`lmagan. Chiroq bo`lganda edi, bolamiz omon qolarmidi degan armon bor ularda. O`sha kuni oqshom chiroq berishgan va kuni bilan o`chmagan. Nahotki, chiroq berilishi uchun odam o`lishi kerak, deb xayron odamlar”, - deydi Norali Nurbekov.
Uning fikricha, tuman aholisi yangi yilni chiroqsiz kutib olishdan hadikda.
“Bugun 30, ertalab bir soatga chiroq berishdi, kechki beshda yoqishdi, yana bir soat berilsa kerak”, - deydi u.
O`zbekiston viloyatlari, qishloqlardagi muammolardan ko`p hollarda jamoatchilik xabarsiz qoladi. Qishloqlarda aholi bilan ishlovchi huquq himoyachilari juda kam, borlari ham doimiy tazyiq ostida.
Yangi yil arafasida shunday faollardan biri, o`qituvchi Ziyodulla Razzoqov ishdan bo`shatilgan.
Razzoqov o`qituvchilik qilish bilan birga inson huquqlari himoyachisi sifatida ham ishlab kelayotgan edi.
U viloyatdagi inson huquqlari bilan bog`liq vaziyat haqida jamoatchilikni xabardor qilib turgan.
Bu yilgi paxta terimi mavsumida halok bo`lgan jizzaxlik o`quvchilar haqidagi xabar ham Ziyodulla Razzoqov yordamida ma`lum qilingan edi.
“Maktab direktorining kotibasi ishdan haydalganim haqida buyruqni qo`limga tutqazdi, 2008 yilda Jizzax viloyatidagi ijtimoiy ahvol, aholi huquqlari buzilayotgani haqida O`zbekiston prezidentini, xalqaro jamoatchilikni xabardor qilayotganimiz uchun ham ishdan haydalayapmiz”, - deydi Ziyodulla Razzoqov.
Yangi yil arafasida O`zbekiston prezidenti Islom Karimov byudjet xodimlarini bir martalik mukofot puli bilan taqdirlash haqida farmon e`lon qildi.
Farmoniga ko`ra, xodimlar bir oylik maoshning 10 foizi miqdorida mukofot puli olishi kerak.
O`rtacha maosh olayotgan xodimlar uchun 10 foiz 10-20 ming so`mni tashkil etishi mumkin. Bir oila uchun kamtarona yangi yil dasturxoni bezash 100-200 ming atrofida baholanadi.
Yangi yil ommaviy kutiladigan bayram. Og’ir iqtisodiy vaziyatga qaramasdan har bir oila imkon qadar dasturxon bezashga harakat qiladi.
“Bizning bayram dasturxonimiz bozordagilarnikidan farq qiladi. Misol uchun, go`shtli ovqatlar kam, bitta go`shtli ovqat bo`lsa, salatlar go`shtsiz bo`ladi, bolalarga ham arzimagan bo`lsa-da, sovg`a olish kerak, hammasini o`ylab dasturxon tuzatishga majbursiz”, - deydi oliy toifali o`qituvchi.
Hukumat bu yil yangi yil tantanasiga e`tibor kuchaytirgan, buni poytaxt ko`chalarida rangli chiroqlar bilan bezatilgan archalar ko`payganidan ham kuzatish mumkin.