G'azodagi urush O'zbekistonda ham xavotir uyg'otmoqda

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi G'azo sektoridagi harbiy to'qnashuvlar yuzasidan munosabat bildirib, urush muammoni hal qilmaydi deya qayd etgan.

Yaqin Sharqda vaziyatning keskinlashishi O`zbekistonda ham afsus bilan tilga olinmoqda.

Taqvodorlar Isroilni falastinliklarga nisbatan shafqatsizlikda ayblaydi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi “Jahon” axborot agentligi tarqatgan bayonotga ko`ra, G`azo sektorida harbiy kuch ishlatish samara bermaydi va majarolar muzokara yo`li bilan yechilishi kerak.

O`zbekiston musulmonlar idorasining ulamosi, islomshunos olim Abdulaziz Mansurning aytishicha G`azo sektoridagi urush kuzatib borilayapti va masjidlarda musulmonlar Isroil harbiy harakatini qoralamoqda.

“Ayniqsa so`nggi paytdagi qurbonlar, yoshu-qari, begunoh kishilar qonining to`kilishi, nojo`ya harakatlar, inson huquqini poymol qilish... Siyosiy muammolarni muzokara yo`li bilan hal etish o`rniga, shunday bir qo`poruvchilik bilan bo`layotgan harakatlarga O`zbekiston xalqi achinib, noqonuniy, nosha`riy harakatlar qilayotganlarni haqqiga duoibat qilamiz. Butundunyo musulmonlari, dunyo ahli noqonuniy tajavuzkorlik davom etayotganiga guvoh bo`lib turibdi”, - deydi Abdulaziz Mansur.

Yuqoridagi qaydlarga qaramasdan O'zbekiston hukumatining Isroil-Falastin mojarosiga nisbatan munosabati oydin emas.

Jamoatchilik orasida esa Isroilga qarshi kayfiyat kuzatiladi.

“Bu masala muhokama qilinayotganida ko`pchilik to`qnashuvda bitta yahudiy uchun 100 ta falastinlik o`ldirilayotgani, dunyo jamoatchiligi bunga e`tiborsiz qarayotgani, harbiy to`qnashuvlarni to`xtatish uchun zudlik bilan choralar ko`rmayotgani haqida gapirishmoqda”, - deydi tarix fanlari doktori Fayzulla Isxoqov.

Olim fikricha "Jahon" chiqqan xabar umumiy gaplardan iborat. Umuman Markaziy Osiyoda, deydi Isxoqov, Falastin- Isroil mojarosi bo'yicha biror aniq pozitsiya yo'q.

“Mojaroda AQSh pozitsiyasi muhim o`rinda turadi. Obama rasman prezidentlikka kelgach bu boradagi munosabatda o`zgarishlar bo`lsa kerak. BMT Xavfsizlik Kengashi AQSh pozitsiyasi bois zudlik bilan qaror qabul qila olmayapti”, -deydi Isxoqov.

G`azo sektoridagi urush O`zbekiston aholisi tomonidan keng muhokama qilinayapti deyish ham haqiqatga yaqin emas.

Viloyatlardagi faollardan biriga ko`ra aksariyat odamlar dunyoda nima bo'layotganidan bexabar.

“Bizda o`zi ommaviy axborot vositalari bilan to`liq tanishish imkoniyati yo`q. Televideniyeni ko`rish, radioni eshitish mumkin bo`lgan chiroqning o`zi yo`q. Shuning uchun aholi hozir Yaqin Sharqda nimalar bo`layotganidan ham, dunyo voqealaridan ham xabarsiz”, - deydi u.