Isroil harbiylari G’azoda Xamas punktlarini nishonga olib, Misr chegarasidagi tunnellarni bombardimon qilishda davom etmoqda.
So’ngi xabarlarga ko’ra, Isroil askarlari hozir G’azoning markaziy qismlariga kira boshlagan. Isroil hududga jurnalistlarni kiritmayotgani sabab G’azodagi to’qnashuvlar borasida aniq malumot olish qiyin.
Lekin G’azodagi urushda bugungacha 900 ga yaqin falastinlik halok bo’lgani ma’lum. Ularning yarmi tinch aholi vakillari. Isroil esa 10 askarini yo’qotgan va Xamas xurujlarida uch fuqarosidan ayrilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan o’tgan hafta ma’qullangan rezolyutsiya urushni darhol to’xtatishni talab qiladi, ammo Isroil ham, Xamas ham bunga amal qilmayapti.
Isroil Bosh vaziri Yahud Olmert Xamas
yer tishlamaguncha harbiy harakatlar
davom etadi deya ta’kidlagan.
Yahud Olmertning aytishicha maqsad
Xamasni harbiy salohiyatdan ayirish. Toki yahudiy davlatiga qarshi hujumlar
qila olmasin. Isroil o’z xavfsizligi
uchun kurashmoqda, deydi Olmert.
Askarlar Xamasga qarshi havo,
dengiz va quruqlikdan hamla qilishda davom etadi. Lekin Isroil diplomatik
choralar haqida ham gaplashishga tayyor, deydi Olmert.
Xamasning Damashqda surgunda yashayotgan rahbari Xolid Mash’al deydiki, Isroil hujumlari tugatilib, uning kuchlari Ga’zoni tark etmaguncha uning guruhi jangni to’xtatmaydi.
Lekin Isroil nazarida Xamas allaqachon qattiq zarba yegan va jangarilar baribir olishuvni to’xtatishga majbur bo’ladi.
Iordan daryosining g’arbiy sohilidagi Falastin mamuriyati esa G’azodagi notinchliklar bu yerda ham tarqaladi, Xamas tarafdorlarining g’azabi oshib, butun hudud urush maydoniga aylanadi degan xavotirda.
Xamas tarafdorlari Falastin prezidenti Mahmud Abbos va uning Fath guruhini Isroilga yon berganlikda ayblaydi.
Xamasni yoqlab chiqayotgan siyosatchi Ayman Darag’ma fikricha Falastin ma’muriyati Isroilni G’azodagi urushda ayblashga qo’rqyapti. Holbuki masalaning negizi Isroilning Falastin tuprog’ini ishg’ol qilib turishida, deydi u.Isroilning Ga’zodagi harbiy
amaliyotlariga nisbatan noroziliklar nafaqat Yaqin Sharqda, balki London, Parij, Madrid, Brussel kabi
Yevropaning yirik shaharlarida ham kuzatilmoqda. AQShda o’tgan namoyishlarda
ham Isroil siyosati qoralangan.