Klinton davlat kotibasi sifatida diplomatiya qudratini oshirmoqchi

AQSh Davlat kotibi, ya’ni tashqi ishlar vaziri lavozimiga nomzod Xillari Klinton Yaqin Sharqda oqil va fahm-farosatli vositachi bo’lishga, diplomatiya kuchiga tayanib ish tutishga va’da bermoqda.

“Tashqi siyosat mafkuraga emas, pragmatizm va prinsiplarga asoslanishi lozim”, - dedi Klinton senatorlar savollariga javob berar ekan.

Prezidentlikka sobiq nomzod Xillari Klinton tashqi ishlar lavozimiga tayinlansam, “Amerikaning yetakchilik rolini tiklayman, xalqaro maydonda do’st ko’paytirib, dushmanlarni kamaytiraman, Yaqin Sharqda tinchlik o’rnatish uchun astoydil harakat qilaman” deydi.

“Qo’shma Shtatlar so’nggi yillar ichida liderlik rolini boy berayotgani sir emas. Mamlakat tasarrufidagi barcha vositalarni, jumladan iqtisodiy, siyosiy, harbiy, huquqiy va madaniy aloqalarni ishga solib, diplomatik qudratini oshirishi lozim”.

Klinton fikricha hozirda AQSh yuzlashayotgan eng katta tahdid terrorchi guruhlarning ommaviy qirg’in qurollarini qo’lga kiritishga urinayotganidir. Obama ma’muriyati shu bois terrorga qarshi kurash strategiyasini qayta ko’rib chiqmoqchi. Davlatlarni atom qurollari zaxirasini kamaytirishga ko’ndirmoqchi.

“AQSh Eronni atom dasturidan voz kechtirish uchun diplomatiyani kuchaytiradi, biroq muzokaralar ish berishiga hech qanday kafolat yo’q”, - deydi Klinton.

Bush ma’muriayti Eronga bosim o’tkazish uchun sanksiyalardan tortib harbiy chora ko’rishgacha – barcha vositalarni qo’llashini ta’kidlab kelgan. Barak Obama muayyan shartlar asosida Eron rahbari bilan gaplashishga ham qarshi emas.

Klinton yaqin kunlarda davlat kotibligiga ma’qullanishi mumkin.