Rossiya jahondagi mavqeini kuchaytirishga intilar ekan, tabiiy resurslar - gaz va neft bu borada ancha qo'l kelmoqda. Yaqinda Ukraina bilan narx bo'yicha bo'lgan mojarodan gazning deyarli 30 foizini Rossiyadan olayotgan Yevropa zarar ko'rdi. Bu esa o'z navbatida qit'ani muqobil quvurlarni rivojlantirishga majbur qilmoqda. Dmitriy Medvedevning yaqinda Toshkentga safaridan so'ng mutaxassislar fikricha O'zbekiston ham gaz o'yini ishtirokchilaridan biriga aylandi.
2007 yilda Rossiya Sovet davridan qolgan "Markaziy Osiyo-Markaz" gaz quvuriga qo'shimcha qilib yana bir quvurni tushirishni taklif qilgan. Kaspiy quvuri nomini olgan loyihaga ko'ra turkman gazi Qozog'iston va O'zbekiston orqali Rossiyaga, undan nari esa Yevropaga chiqarilishi ko'zda tutilgan, biroq O'zbekiston bu quvurga qarshilik bildirib kelayotgan edi.
"Moskovskie novosti" haftalik gazetasi muxbiri Sanobar Shermatovaning aytishicha, Medvedevning O'zbekistonga tashrifi chog'ida respublikani Rossiya olib borayotgan gaz o'yiniga jalb qilishga muvaffaq bo'lingan.
Kuzatuvchilarning ta'kidlashicha, gaz narxi bo'yicha Ukraina-Rossiya o'rtasidagi mojaro Rossiyaga gaz uzatayotgan davlatlar ko'zini ochib, mojarodan o'ziga foyda olish mumkinligini ko'rsatdi. Ayniqsa Yevropa Rossiyani chetlab o'tadigan muqobil quvur loyihalarini jiddiy ravishda o'rganishga kirishgani hisobga olinsa, Rossiya Markaziy Osiyo gazini olish maqsadida gaz va tranzit haqi bo'yicha uzoq savdolashmasligi mumkin. Medvedevning Toshkentga tashrifi cho'gida gazni O'zbekistondan jahon narxlari darajasida olishga kelishildi.
Yevropada Nabukko gaz quvuri loyihasi jiddiy muhokama etilmoqda. Unga ko'ra Kaspiy dengizi orqali gaz Turkiyadan Yevropaga uzatiladi. 3,300 kilometrlik quvur orqali yiliga 31 milliard kubometrgacha gaz o'tishi rejalangan. Shunday bo'lgan taqdirda Yevropa Rossiyadan kamroq gaz ola boshlaydi, chunki Nabukko qit'a ehtiyojlarining 10 foizini qondirishga qodir.
Biroq Yevropani bir necha masala qiynamoqda. Birinchidan, quvur juda qimmat va unga hali pul topilmagan. Qurilishi 2011 yilga mo'ljallangan uch yillik loyihani tugatish uchun 10-13 milliard dollar kerak. Ikkinchidan, quvurni gaz bilan ta'minlash masalasi hali hal etilmagan. Asosiy ta'minotchilar - Turkmaniston, Ozarbayjon va Iroq ekani aytilmoqda. AQSh noroziligi tufayli loyihaga hozircha Eron yaqinlashtirilmayapti.
Shu hafta Vengriya poytaxti Budapeshtda Nabukko loyihasini qo'llab-quvvatlayotgan davlatlar uchrashib, quvur istiqbollarini muhokama qilgan.
Rossiya esa o'z navbatida o'z hududi orqali o'tuvchi yangi quvurlarni tushirish harakatiga tushgan. Bu bilan Kreml Nabukko quvuriga gaz kamroq tushishini ta'minlab, uni foydasiz loyihaga chiqarib qo'ymoqchi.
Jurnalist Sanobar Shermatovaning aytishicha, O'zbekistonning Rossiya taklif qilayotgan Kaspiy quvuriga roziligi shu jihatdan juda muhim.
"Meni qiziqtirayotgan narsa shuki, O'zbekiston buning evaziga Rossiyadan nima olishga erishdi? Nazarimda bu - Kremlning Markaziy Osiyoda suv masalasi bo'yicha rasmiy Toshkentga diplomatik madadidan iborat," deydi Shermatova.
Ma'lumki, Tojikiston va Qirg'iziston o'zining elektr quvvatiga bo'lgan ehtiyojini qondirish maqsadida gidroelektrostansiyalar qurishga ahd qilgan va avvaliga Rossiya ularga moddiy tomondan yordam berishga va'da bergan edi. Biroq Toshkentda Islom Karimov bilan uchrashuvdan so'ng Medvedev bunday loyihalar mintaqadagi davlatlar bilan mashlatlashgan holda amalga oshirilishi kerak, aks holda Rossiya ularda ishtirok etmaydi deya rasmiy Toshkentning gidroelektrostansiyalar qurilishiga qarshi pozitsiyasini qo'llab-quvvatladi.
Medvedevning bayonoti Tojikistonni shoshirib qo'ydi. Rasmiy Dushanbe Kremldan Medvedev bayonotiga tushuntirish so'radi. Tojikiston Osiyo-Plyus axborot agentligining AQShdagi muxbiri Murodali Umarovning aytishicha, O'zbekiston Tojikistonga gaz ta'minotini kamaytirib, Turkmanistondan kelayotgan elektr quvvati tranzitini to'xtatib, gidroelektrostansiya qurilishi bilan bog'liq loyihalarga to'siq qo'yish orqali rasmiy Dushanbeni o'z siyosatiga qaram qilib olmoqchi.
"Rossiya uchun gaz qanday ahamiyatga ega bo'lsa, O'zbekiston uchun ham suv shunday ahamiyatga egadir," deydi Sanobar Shermatova.
Moskvalik jurnalistga ko'ra gap nafaqat Tojikiston va Qirg'izistonning o'z elektr quvvatiga ega bo'lish haqida ketmoqda, balki kelajakda suvdan strategik va siyosiy vosita sifatida foydalanish haqida ham. Chunki suvni gaz kabi sotish va suvga muhtoj davlatlar siyosatini o'zgartirishda qurol sifatida qo'llash mumkin. O'zbekiston esa, Yevropa gazga tashna bo'lgani kabi, ko'p sonli aholisi va paxtachilikka asoslangan qishloq xo'jaligi bilan suvga katta ehtiyoj sezadi.
Qandaydir ma'noda Qirg'iziston va Tojikiston bozor munosabatlarini Rossiyadan o'rganyapti deyish mumkin albatta. Biroq Kreml ularning o'z izidan borishini istamay ayni damda O'zbekiston pozitsiyasini qo'llab-quvvatlashi rasmiy Toshkentni ancha tinchlantirmoqda.