Saylovlar 20 avgustga ko’chirilgan. Sabab, deya tushuntiradi saylov komissiyasi rasmiylari, nomzodlarni ro’yxatga olish va notinch hududlarda nazorat o’rnatish uchun ko’proq vaqt kerak.
Bugun Afg'onistonning Uruzgon viloyatida bir odam politsiya idorasiga kirib, o'zini portlatgan. Yana 25 politsiyachi halok bo'lgan. Tolibon hujumni amalga oshirganini aytmoqda.
Muxolifatchi qonunchilar saylovni kechiktirish qaroridan norozi. Mamlakat konstitutsiyaga ko'ra, amaldagi prezident Hamid Karzay 22 may kuni vakolatlarini topshirishi, saylovlar esa bu sanadan bir-ikki oy oldin o’tkazilishi lozim.
Afg’oniston mustaqil saylov komissiyasi rahbari Azizulla Lodin “ovoz berishni avgust oyiga qoldirmasak bo’lmaydi, saylovga umuman tayyor emasmiz”,- deydi.
“Yangi saylov kuni mamlakatda tinchlik o’rnatishga urinayotgan xalqaro koalitsiya kuchlari bilan maslahatlashgan holda belgilandi”.
Uning aytishicha, xavfsizlik, moliyaviy va texnik muammolar sabab prezidentlikka nomzodlarni ro’yxatga olish, qish qahratonida saylov byulletenlarini tog’li hududlarga yetkazishning iloji bo’lmayapti. Buning ustiga, saylovlarni o’tkazib olish uchun qo’shimcha 223 million dollar mablag’ kerak.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti va NATO nazarida ham saylovni qoldirishdan o’zga chora yo’q. Kelasi bir necha oy ichida AQSh rejalaganidek mamlakatga qo’shimcha harbiy kuch kiritilsa, saylov nisbatan tinch o’tishiga umid bog’langan. Hozir Afg’onistonda chet ellik zobitlar soni 70 ming atrofida, deyarli yarmi amerikaliklar. AQSh yana 30 ming askar va’da qilgan.
Ammo Afg’oniston parlamentida salmoqli o’ringa ega muxolifatchilar 22 maydan so’ng Hamid Karzayni davlat rahbari sifatida tan olmoqchi emas.
Sayid Og’a Fozil Sanjarki, Birlashgan Front vakilining aytishicha, bosh qonunga hech kim o’zgartirish kirita olmaydi. U BMT va G’arb hukumatlarini Afg’onistonda muvaqqat rahbar tayinlashlashga ko’maklashishga chaqirgan.
2004 yilda 5 yilga saylangan Hamid Karzay yana bir muhlatga saylanish istagida. Hozirgacha ro’yxatga olingan boshqa nomzodlar unga jiddiy raqib deb ko’rilmayapti.
Barak Obama ma’muriyati AQShning Afg’onistondagi harbiylari sobiq rahbari, general Karl Eykenberrini Afg’onistonga yangi elchi etib tayinlamoqchi. Kongress uning nomzodini ma’qullashi kerak.
Bunday nozik diplomatik lavozimga armiya ofitserining loyiq topilishi ko’pchilikni ajablantirmoqda. Biroq, deydi mutaxassislar, Afg’onistonda ikki bor va uzoq muddat xizmat qilgan general Eykenberri mahalliy shart-sharoit va muammolar hamda rasmiylar bilan yaxshi tanish.
“Nyu-York Tayms” gazetasining yozishicha, elchilikka nomzod Karl Eykenberri Tolibon qayta oyoqqa turayotgani haqida vaqtida ogohlantirgan. Pokistondagi jangari manzillarini yo’q qilmay turib, afg’on zaminida tinchlik o’rnatib bo’lmasligini tushunadigan arboblardan biri.
Eykenberri NATO harbiy strategiyasi uchun javobgar qo’mita a’zosi sifatida Yevropadagi ittifoqchilar bilan ham yaqin aloqada.