AQSh prezidenti yirik kompaniya rahbarlari maoshini cheklamoqda

AQSh Moliya vazirligi inqirozdan chiqish maqsadida davlatdan yordam puli olayotgan kompaniyalar rahbarlarining maoshini cheklashga qaror qilgan. Yangi qoidaga ko'ra, bir yillik maosh 500 ming dollardan oshmasligi kerak. Soliq to'lovchilar puli kompaniyani jar yoqasiga olib kelgan rahbarlarni mukofotlashga sarflanmasligi lozim, deydi prezident Barak Obama.

"Muvaffaqiyatlar mukofotga arziydi, ammo odamlarning hafsalasini pir qilayotgan narsa shuki, ko'plab kompaniyalar rahbarlari qovun tushirgani uchun mukofotlangan. Soliq to'lovchilar zo'rg'a kun kechirayotgan bir paytda ularning pulini mukofotga sarflash to'g'ri bo'lmaydi," deydi Obama.

Maoshlarni cheklash bilan birga AQSh prezidenti iste'foga chiqayotgan rahbarlarga kompensatsiya to'lovlari bo'yicha ham yangi ko'rsatma bergan.

"Kompaniyalar mas'uliyatli bo'lishi, boshimizdan o'tayotgan inqiroz darajasini anglab yetishi zarur," deydi Obama.

Xabarlarga ko'ra o'tgan yili sarmoya banklari rahbarlari jami 18 milliard dollar qiymatida mukofot puli olgan. Jumladan ahvoli yomonlashayotgan va davlatdan yordam so'ragan kompaniyalar rahbarlari ham.

Moliyaviy konsultant Bryus Ellig Barak Obama qarorini olqishlar ekan, mamlakat prezidenti yiliga 400 ming dollardan ko'p pul olmasligini ta'kidlaydi.

"Kongressdagi ba'zi qonunchilar maoshlarni hattoki 400 ming dollargacha cheklash kerak deb chiqmoqda," deydi Ellig.

Senatdagi ko'pchilik sardori Garri Ridning aytishicha, Obama taklif etayotgan 900 milliard dollarlik yordam dasturi bugun ovozga qo'yilishi mumkin. Rejaga kiritilgan o'zgartirishga ko'ra, ushbu pul hisobidan moliyalaniladigan qurilish loyihalarida faqatgina AQShda ishlab chiqarilgan materiallar ishlatilishi shart bo'ladi.