Prezident Barak Obama tomonidan iqtisodiyot ravnaqi uchun taklif etilgan qonun loyihasining ikkala palata tomonidan ma'qullanishi uning ilk yirik siyosiy g'alabasi sifatida ko'rilmoqda. Obama o'z ichiga 787 milliard dollarlik yordam dasturini olgan hujjatga shu hafta imzo chekadi. Shunga qaramay bu pulning iqtisodiyotga yordam darajasi turlicha baholanmoqda.
Prezident Obamaning iqtisodiy guruhi ushbu dastur orqali 4 millionga yaqin ish o'rinlarini yaratish yoki saqlab qolish mumkin deydi.
Mutaxassis Mark Zendi hisobiga ko'ra, Obama taklif etayotgan chora 2010 yilga borib, 2.2 million ish o'rinlarini yaratishi mumkin xolos, ammo ishsizlik sur'ati 10 foiz atrofida qoladi.
"Rejaning o'zi yaxshi, ammo sezilarli natija berishi uchun uning qiymati yetarlicha emas. Iqtisodiyot juda ham qiyin ahvolda. Katta muammolarni katta pul bilan hal qilish kerak, aks holda bir yil o'tib yana yangi reja haqida gapira boshlaymiz," deydi iqtisodchi.
Oq uy bosh maslahatchisi Deyvid Akselrod mutaxassislar o'rtasidagi munozaralarni tan olgan holda hukumatning hisob-kitobi to'g'ri deydi.
"Umid qilamizki, ushbu chora bir necha qatlamli natijalarga olib keladi, inqirozga zarba beradi. Kimdir yordam qiymatini kichik desa, kimdir ko'p deydi. Bizning nazarimizda esa bu ayni damda kerakli raqam," deydi Oq uy rasmiysi.
Hukumat ko'chmas mulk bozorini ham jonlantirmoqchi. O'tgan hafta Moliya vaziri Tim Geytner 1 trillion dollarlik reja loyihasini e'lon qilgan. Unga muvofiq banklarga kapital kiritish maqsadida hukumat kredit to'lanmagani sabab bank tomonidan tortib olingan uylarni sotib oladi.
Tadbirkor Erik Shmidtning aytishicha, bankda pul bo'lmasa, odamlar kredit ololmaydi.
"Kreditsiz esa ular xarid qila olmaydi. Shu sabab hukumat ko'chmas mulk bozoridagi muammoni imkon qadar tez hal qilishi kerak," deydi u.