Qirg'iz parlamenti AQSh harbiylarini bazadan chiqarishga ovoz berdi

Bugun Qirg'iziston parlamenti hukumatning AQSh harbiylarini "Manas" aviabazasidan chiqarish qarorini deyarli yakdillik bilan tasdiqladi. Asosan prezident Qurmanbek Bakiyev boshchiligidagi "Aq Jol" partiyasi a'zolaridan tarkib topgan parlamentda 78 deputat qonun loyihasini ma'qullagan, bir deputat qarshi ovoz bergan va ikki qonunchi betaraf bo'lgan.

Hujjatga prezident Bakiyev imzo chekkach, AQSh qo'shinlari bazani 180 kun ichida tark etishi kerak bo'ladi. Ammo, deydi Bishkekdagi "Istiqbol" tahlil markazi rahbari Valentin Bogatirev, bu bilan mavzu yopilgani yo'q.

"Qaror chiqishi bilan baza yopildi degani emas. Mening fikrimcha, asosiy o'yin endi boshlanadi," deydi u.

Xabarlarga ko'ra, baza taqdiri borasida AQSh va Qirg'iziston muzokara qilmoqda. Davlat departamenti so'zlovchisining aytishicha, qirg'iz hukumatidan bu borada rasmiy xat olinmagan va unga qadar baza faoliyatini to'xtatmaydi.

Qirg'iziston AQSh baza uchun yetarlicha ijara haqi to'lamayapti deb noligan bir paytda Rossiya respublikaga 2 milliard dollardan ortiq yordam puli va sarmoya va'da qildi. Ba'zi deputatlar Rossiya va'dasida turib pulning bir qismini bermaguncha baza masalasi ko'tarilmaydi degan edi, ammo qirg'izistonlik tahlilchi nazarida AQSh bazasi taqdiri prezident Bakiyev bosimi ostida hal bo'ldi.

"Qarorning tasdiqlanishiga shubha yo'q edi. Bu borada mamlakatda katta tashviqot ishlari olib borildi. Prezident bosim qildi. Xalq uchun esa farqi yo'q, chunki hech kim shu paytgacha baza uchun olingan puldan naf ko'rmagan," deydi Valentin Bogatirev.

AQSh Qirg'iziston qarori ortida Rossiya turibdi deydi.

Mudofaa vaziri Robert Geytsning aytishicha, rasmiy Moskva pozitsiyasi xavotirga molik.

"Bir tomondan Rossiya Afg'oniston bo'yicha AQSh bilan hamkorlikka tayyormiz desa, boshqa tomondan mana bunday harakatlar bilan ishning beliga tepmoqda," deydi Geyts.