Prezident Barak Obama Qo'shma Shtatlar global iqtisodiy krizisni albatta yengadi, undan saboq olib, yanada qudratliroq davlatga aylanadi deya ishonch bildirmoqda.
"AQSh boshdan kechirayotgan qiyinchiliklar vaqtincha. Kongress ma'qullagan moliyaviy dastur millionlab ish o'rinlari yaratib, o'sishga turtki beradi", - deydi Obama.
Vakillar Palatasi va Senat a'zolari oldida gapirar ekan, Barak Obama xalq ruhini ko'tarishga, odamlarni umidsizlikka berilmaslikka undadi.
“Bu men uchun nafaqat qonunchilar bilan yuzma-yuz ko’rishib, vazifalarni belgilab olish uchun imkoniyat. Balki saylovchilarga, xalqqa bugungi vaziyatni tushuntirib bermoqchiman”.
Kongress va xalqqa murojaatida Barak Obama Qo’shma Shtatlar yuzlashayotgan muammolarga xolis baho berishga va shu bilan birga ommani yorqin kunlar hali oldinda deya ishontirishga, mashaqqatlardan charchagan xalqni ruhlantirishga urindi.
Yillar davomida bemulohaza qabul qilingan qarorlar natijasini bugun ko’rib turibmiz, deydi u.
“O’tgan davr ichida faqatgina vaqtinchlik foyda-manfaatlar ketidan quvib, mamlakat kelajagi nima bo’ladi deb so’ramadik. Bunday siyosat har jabhada xunuk oqibatlarga olib keldi”.
Ammo, deydi prezident, AQSh albatta oyoqqa turadi.
“Mamlakat ahvoli xarob, butun boshli sanoatlar qulayotgan bo’lsa-da, amerikalik shuni bilishi kerak: tanglikni yengamiz, Qo’shma Shtatlar jahon sahnasida yana peshqadam bo’ladi”.
O’tgan hafta qabul qilingan iqtisodiy dastur maqsad tomon qo’yilgan birinchi qadamdir. Biroq sinovli kunlar hali oldinda. Byudjet kamomadi har qachongidan baland. Ammo, deydi Obama, byudjetning har bir bandiga chuqur nazar tashlab, ortiqcha va keraksiz xarajatlarni kesamiz.
“Qishloq xo’jaligidan tortib mudofaagacha … pulni havo sovurayotgan dasturlarni bekor qilamiz. Sovuq Urush davridan qolgan ayrim qurol sistemalaridan voz kechamiz”, - dedi prezident.
Iqtisodiy masalalar bilan bir qatorda Obama AQShning dunyodagi obro’sini tiklash mavzusida ham to’xtaldi. AQSh Kubaning Guantanamo bo’g’ozidagi qamoqxonasini yopadi, qiynoqlardan tamoman voz kechadi.
“Yangicha yondashuv va amaldagi ishlar bilan AQSh yangicha siyosat yuritishga, boshqalarga quloq tutishga so’z bermoqda. Xalqaro tahdidlarni faqatgina birgalikda bartaraf eta olamiz”, - deydi Barak Obama.
Demokratlarni nobop iqtisodiy siyosatda ayblayotgan respublikachilar munosabatini Luiziana shtati hokimi, kelajakda bu partiyadan prezidentlikka nomzod deb taxmin qilinayotgan Bobbi Jindal bayon etdi.
“Fikr bir joydan chiqqan masalalarda respublikachilar prezidentga hamkor bo’lishga so’z beradi. Chiqmasa, o’z yechimlarimizni taklif qilamiz”, - deydi Jindal.
Republikachi Bobbi Jindal Barak Obama singari yangi avlod vakili. Shuhrati oshib borayotgan siyosatchilardan. 2013 yil saylov poygasida muxolif partiyadan ishtirok etishi kutilmoqda.
Boshqa respublikachilar ham prezident usta notiq ekani, uning so’zlari umid va ilhomga to’la ekanini tan olsada, u taklif qilgan moliyaviy dasturdan norozi. Hukumat minglab loyihalarga sarflayotgan milliardlar dollar mablag’ qanday natija berishi noma’lum. Qarzni uzish esa kelajak avlod gardaniga tushadi, deydi ular.
Demokratlar nazarida esa respublikachilar prezidentning har bir taklifiga “yo’q” deb, partiyabozlikka berilmoqda. Prezident Obamaning aytishicha, hukumatdan yordam olayotgan bank-muassasalar xalq oldida javobgar bo’ladi. Har bir dollar qayerga sarflanayotgani to’liq nazorat qilinadi.