Prezident Barak Obama fikricha, global iqtisodiy tizimdagi muammolar bartaraf etilgach AQSh iqtisodiyoti ham o’zini tiklab oladi. Biznesmen-tadbirkorlar bilan muloqotda Obama u ko’rayotgan chora-tadbirlar samarasi haqida so’zlagan.
“Bugungi iqtisodiy krizis va uning sabablari haqida qanchalik ko’p gapirmaylik, vaziyatga xolisona baho berib, amaliy choralar ko’rmoq lozim”, - deydi prezident.
Qo’shma Shtatlar Obama nazarida sanoat va tijoratda hamon peshqadam. “Mamlakat bu tanglikdan albatta chiqadi”, - deydi u.
Shu kunlarda Amerikaning qator yirik korporatsiya va banklari faoliyatida biroz oldinga siljish kuzatilmoqda. Misol uchun, “General Motors” avtomobilsozlik kompaniyasi sal avval hukumatdan so’ragan 2 milliard dollar qarzga bu oy hojat yo’q demoqda. Amerika bo’ylab savdo-sotiq ham biroz jonlangan.
Prezident Obama “bundan buyon moliyaviy tavakkalchilik va qarzga yashash kabi illatlarga berilmaylik”, deya undamoqda.
U shtatlarga ajratilayotgan milliardlab dollar yordam pulini aql bilan ishlatishga, arzigulik loyihalarga sarflashga chaqiryapti. “Mas’uliyatsizlik va isrofgarchilik davri tugadi”.