Breaking News

Barak Obama Amerika inqirozni yengadi demoqda


AQSh iqtisodiyoti avvalgi taxminlardan ko’ra tezroq sur’atda qisqarib bormoqda. Tijorat vazirligiga ko’ra, bu ko’rsatkich o’tgan yilning so’nggi choragida 6.2 foizni tashkil etgan.

Sinovli kunlar hali oldinda, deydi Kongressga mamlakat byudjetini taqdim etgan prezident Barak Obama. Loyihada mamlakat iqtisodiyotini ko’tarish uchun milliardlab dollar mablag’ ajratish ko’zlangan.

134 sahifadan iborat loyihaga kiritilgan sarf-xarajatlar tufayli bu yili Amerikada byudjet kamomadi 1.7 trillion dollarga yetishi kutilmoqda.

Prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha hukumat soliqlarni qayerga sarflayotgani haqida xalqqa hisobot berishi lozim. “Yillar davomida”, deydi u, “Bush ma’muriyati Iroq va Afg’onistondagi urushlarga sarflagan mablag’ni byudjetdan tashqari xarajat deb hisoblagan”.

Hukumat iqtisodiyotni oyoqqa turg’azish maqsadida energetika va ta’lim sohalariga katta sarmoya kiritmoqchi. Mamlakat sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish uchun 634 milliard dollar zarur.

Tobora oshib borayotgan xarajatlar, rasmiylarning aytishicha, badavlat amerikaliklar to’laydigan soliqlarni ko’paytirish, subsidiyalarni kamaytirish hamda Iroqdagi dasturlarni qisqartirish hisobidan qoplanadi.

Respublikachilar fikricha mamlakat qanchalik og’ir ahvolda bo’lmasin, hukumat soliqlarni oshirish orqali muammoni hal eta olmaydi. Shu bois ular prezident taklif qilgan qariyb 800 milliard dollarga teng iqtisodiy dasturga ovoz berishdan bosh tortgan.

Sarf-xarajatga qaramasdan, Barak Obama kelasi 4 yil ichida byudjet kamomadini 50 foizga kamaytirishga so’z bermoqda.

XS
SM
MD
LG