Breaking News

AQSh: Talab hamon past, xaridor pul sarflashga shoshmayapti


Iste’mol darajasi iqtisodiyot qanday ekanini ko’rsatuvchi asosiy omillardan biri. Amerikada xarid sur’ati oshgani kuzatilmoqda, ammo hukumat uni baholashga shoshmayapti. Oddiy qilib aytganda, bozor hali u qadar gavjum emas.

Xaridor sarf-xarajatini kuzatayotgan tashkilotlarga ko’ra, amerikaliklar mahsulotni saralayapti, ammo sotib olishga shoshmayapti.

“O’ylab bozor qiladigan bo’lib qolganman. Oldinlari rejalamasdan ham do’konga kirib, yoqtirgan narsamni olaverardim. Hozir har bir dollarni ayab ishlatyapman”, - deydi xaridorlardan biri.

Aksariyat odamlar eng zarur mahsulotlarni xarid qilmoqda xolos. Savdo sust.

"Och-nahor emasman, ammo hozir na ishingizga, na bozorga ishonsa bo’ladi. Shuning uchun avvalgidek ketdik uni olamiz, buni olamiz deyish yo’q”.

Kredit kartochka bilan istaganini xarid qilishga o’rgangan amerikaliklar uchun bu katta o’zgarish. Lekin iqtisod iste’molchining ishtahasiga bog’liq ekan, savdo sekinligi sarmoya oqimini kamaytirib, biznesning beliga tepmoqda.

Ekspertlar Amerikada iqtisodiyot ko’p jihatdan xaridor qo’lida ekanini qayd etadi.
Savdo orqaga ketsa, butun tizim sekinlashadi, deydi iqtisodchilar.

“Amerikaliklar kreditga yashaydi. Bugun ko’pchilik og’ir ahvolda. Sarmoyalar kuygan. Kompaniyalar ishchilarini bo’shatgan. Odamlarning moliyaviy ishonchi past”, - deydi iqtisodchi Jo Brusulas.

Qimmatbaho qog’ozlar bozorida har kuni ahvol turlicha. Bir past, bir yuqori. Moliyaviy barqarorlikdan darak yo’q, deydi mutaxassislar. Davlat xususiy sektorga ko’mak tariqasida bergan mablag’ samarasi o’laroq ayrim mahsulotlarga talab oshgan.

Masalan, eski mashinangizni yangisiga almashtirmoqchi bo’lsangiz, davlat sizga naqd pul beradi. Qarabsizki, avtomobil bozori biroz jonlangan. Lekin bu bilan butun iqtisod qayta oyoqqa turayotgani yo’q.

“Hukumat faqat bir dastur bilan inqirozdan chiqa olmaydi. Buni yaxshi bilishadi. Odamlar oddiy mahsulotlarni olmay qo’ygan. Kundalik xarid mollariga talab past. Mana bugungi muammo nimada”, - deydi iqtisodchi Jozef Feldman.

Inqirozning ikkinchi yilida xaridorgir mahsulotlar narxi ikki foizga tushgan. Qayerga bormang, chegirmalar. Katta-yu kichik do’konlar, hammasi xaridor chaqirish uchun har kuni yangi bir taklif bilan chiqadi. Lekin odamlar hushyor.

XS
SM
MD
LG