Pokistonda namoyishchilar politsiya bilan to'qnashgan

Pokistonda hukumatga qarshi namoyishlar avj olar ekan, muxolifat rahbari, sobiq bosh vazir Navoz Sharif uni uydan chiqarmaslik haqidagi buyruqni rad etgan.

Namoyishchilarni to’xtatishga safarbar etilgan xavfsizlik kuchlari Lohur shahrida uning uyini o’rab olgan.

Navoz Sharif mustaqil sudyalarni lavozimiga qaytarishni talab qilayotgan minglab namoyishchilarga qo’shilib, poytaxt Islomobodga yo’l olmoqda.

Bir tomondan iqtisodiy krizis, ikkinchi tomondan ekstremizm xavfi bilan yuzlashayotgan Pokistonda siyosiy tanglik avj pallada. Sobiq rahbar Parvez Musharraf davrida bo’lgani kabi advokat-yuristlar ko’chalarga chiqib, prezident Zardariydan u va’da qilgan islohotlarni amalga oshirishni talab qilmoqda.

Bugun Lohurda politsiya va Navoz Sharif tarafdorlari o’rtasida to’qnashuvlar kuzatilgan. Namoyishchilarning hujumiga javoban politsiya ko’zni yoshlantiruvchi gaz va zirxli texnika qo’llagan.

Musulmonlar Ligasi rahbari, o’tgan yili prezident Zardariy bilan kelisha olmay koalitsion hukumatni tark etgan Navoz Sharif uni uyda saqlash qarori “noqonuniy” deya, tarafdorlarini poytaxt Islomobodga yurishga da’vat etmoqda.

Namoyish qatnashchilari asosan advokat-yuristlar. Prezident Zardariy, deydi ular, Musharraf buyrug’i bilan ishdan olingan Oliy Sud raisi Iftixor Chaudri va mustaqil sudyalarni lavozimiga qaytarishi kerak. “Namoyish hukumat bu talabga ko’nmaguncha davom etadi”, - deydi yetakchilardan biri E'zoz Ehson.

AQSh va Yevropa davlatlari Pokistonda siyosiy beqarorlik hukumatni ektremizmga qarshi kurshdan chalg’itmoqda deya tashvishda. Ular Zardariydan mojaroni tinch va qonuniy yo’l bilan hal qilishni so’ragan.

Bu orada, Pokiston shimoli-g’arbida NATO qo’shinlariga qarashli yuk-anjomlar ortilgan konteynerlarga o’t qo’yilgan. Toliblar Afg’onistonga Pokiston orqali yuk yetkazuvchi yo’llarni nishonga olar ekan, AQSh va NATO muqobil yo’nalishlar izlamoqda.