Prezident Barak Obama fikricha, AQSh va NATO diqqatni
afg’on-Pokiston chegarasida o’rnashib olgan Al-Qoida va boshqa
ekstremistik guruhlarni yakson qilishga qaratishi lozim. Obama shu
tariqa harbiylar oldiga aniq maqsadlar qo’ymoqda.
Sobiq
prezident Jorj Bush, Iroq va Afg’onistonni musulmon dunyosiga namuna
bo’la oladigan, “demokratik davlatlarga aylantiramiz” deya bong urgan
edi. Obamaning maqsadi oddiy: Afg’onistonda tinchlikni ta’minlash va
Amerika xalqini terror hujumlaridan himoya qilish.
Yangi reja
harbiylar va yaqin ittifoqchilar bilan olib borilgan uzoq muhokama,
tekshiruv va tahlil mahsuli. Bir necha yo’nalishni o’z ichiga oladi:
afg’on armiyasi va politsiyasi safini kengaytirib malakasini oshirish,
Afg’oniston va Pokistonga moliyaviy yordam ajratib bu o’lkalarda
qashshoqlikni kamaytirish hamda terrorchi guruhlar ildiziga bolta urish.
Strategiyani
tuzishda ishtirok etgan rasmiylardan biri, AQSh mudofaa vaziri muovini
Mishel Flornoy missiya ko’lami avvalgiga qaraganda tor degan da’volarni
rad etadi.
“AQSh Afg’onistondagi maqsad-manfaatlarga qayta
baho berib, oldinga siljish uchun nima qilmoq lozim degan savolni
o’rtaga tashlamoqda. Ko’r-ko’rona, bemulohaza qabul qilingan
qarorlardan voz kechib, vazifalarni aniqroq belgilab olyapmiz.”
Ya’ni,
deydi vazir muovini, diqqat Iroqdan Afg’onistonga, bu mamlakat
xavfsizlik kuchlarini o’zini-o’zi himoya qilish uchun tayyorlashga
qaratilmoqda. Strategiya Bush davridan yana qaysi jihati bilan farq
qiladi?
“AQSh bundan buyon afg’on-Pokiston chegarasining har ikki tomonini yaxlit bir front deb ko’radi”, - deydi admiral Mayk Mullen.
Siyosatshunos Endryu Basevich nazarida Obamaning yondashuvi ancha pragmatik, lekin Bushnikidan tubdan farq qilmaydi.
“Bosh
maqsad, Obama aytganidek, Afg’onistonni Al-Qoida kabi guruhlardan
tozalash bo’lsa, bunga kamroq resurslar bilan erishish mumkin.
Mamlakatga shuncha harbiy va sarmoya kiritishga hojat yo’q”, - deydi
Basevich.
Obama rejani taqdim etayotib Afg’onistonda
boshqaruvni mustahkamlash, saylov va inson huquqlari haqida gapirdi,
lekin “demokratiya” so’zini tilga olmadi. Afg’onistonga qobil va
mas’uliyatli hukumat kerak, deydi prezident.
Bugun bir haqiqat
barchaga ayon - terrorizm va ekstremizmni harbiy qudrat bilan yengib
bo’lmaydi. Prezident Hamid Karzay tinchlik yo’lida Tolibonning
mo’tadil, Al-Qoidaga qo’shilmagan a’zolari bilan muloqot qilish haqida
gapirib keladi. Obama strategiyasiga ham bu taklif kiritilgan.
AQSh
Maxfiy xizmati rahbari Denis Bleyer firkicha Tolibon singari guruhlar
ildiziga bolta urush uchun aholining fundamental ehtiyojlarini
qondirish, ta’lim sifatini oshirish, korrupsiyani yengish, yoshlar
uchun imkoniyat maydonini kengaytirish, qolaversa xalqni suv va elektr
toki bilan ta’minlash kerak.
Amerika bu yil Afg’onistonga 17
ming qo’shimcha askar va 4 ming harbiy instruktor safarbar etmoqda.
Qarorlar vaziyatga qarab o’zgarib boradi, deydi Obama. Afg’onistondagi
missiya g’ayrat va qat’iyat talab etadi. Xalqaro koalitsiya oldida
sermashaqqat vazifalar turibdi.