Barak Obama Yevropa bo'ylab safarini boshladi

AQSh prezidenti Barak Obama bugun Yevropaga yo'l olgan. Bu uning prezident bo'lganidan beri okean ortiga ilk safari. 8 kun ichida Obama Yevropaning besh mamlakatida bo'lib, uch anjumanda ishtirok etadi.

Prezident Obama avval Londonga borib, sanoatlashgan 20 davlat rahbarlari sammitida moliyaviy va iqtisodiy inqirozdan chiqish yo'llarini muhokama qiladi. AQSh va Yevropa muammoga yondashishning turlicha usullarini taklif etmoqda. Qo'shma Shtatlar Yevropani ko'proq pul sarflashga chaqirmoqda.

Oq uy matbuot kotibi Robert Gibbsning aytishicha, Obama Londonda hamkor davlatlar fikrlarini tinglab, o'z munosabatini bildiradi.

AQSh prezidentining safar oldidan aytishicha, moliyaviy bozorlarni tartibga solish zarur.

"Biz moliyaviy markazimiz bo'lmish Uoll-Stritda tiniqlik va ishonchni targ'ib etishga harakat qilyapmiz. London ham biz bilan hamkorlikda shunga intilishi zarur," deydi Obama.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazi tahlilchisi Rejinald Deylning aytishicha, Obama Amerika xalqini o'ziga ergashtira oldi, endi shu ishni Yevropada ham qilishga imkoniyat bor.

"Obama bu imkoniyatdan foydalanib, AQShning jahondagi yetakchi mavqeini tiklashi zarur," deydi tahlilchi.

Londondagi sammit davomida Obama Rossiya, Xitoy, Hindiston, Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreya rahbarlari bilan ham alohida uchrashadi.

Shundan so'ng AQSh prezidenti NATOning 60 yilligini nishonlash uchun Fransiya-Germaniya chegarasiga yo'l oladi.

Marshall jamg'armasi xodimi Jon Glenning aytishicha, Obama Afg'onistonga qo'shimcha kuch yuborishdan bosh tortayotgan Yevropa davlatlarini boshqa yo'llar bilan NATOga yordamini oshirishga undab ko'radi.

Obama Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Chexiyada ham bo'lib, ommaviy qirg'in qurollari tarqalishining oldini olish mavzusida ma'ruza qiladi va ittifoqqa a'zo davlat rahbarlari bilan AQShning Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasi haqida fikr almashadi.

Uning Yevropa safari Turkiyaga tashrif bilan yakunlanadi.

Obamaning qit'ada hurmati juda baland. Fevral oyida Yevropada o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, Obama jahonda hurmatga sazovor davlat rahbarlari ro'yxatida birinchi o'rinni egallagan. Ammo, deydi ba'zi mutaxassislar, sobiq prezident Jorj Bush siyosatiga qo'shilmagan Yevropa ba'zi masalalar yuzasidan Obama bilan ham chiqisha olmasligi mumkin. Bunga sabablar bor.

Ayni damda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Chexiya Bosh vaziri Mirek Topolanek Obama ma'muriyatining AQSh iqtisodini tuzatishga qaratilgan rejasini tanqid qilib, uni "jahannamga yo'l" va jahon moliya bozoriga tahdid deb atagan.

Chexiya rasmiylari bosh vazir so'zlari noto'g'ri talqin etilgan deb uni himoya qilishga uringan bo'lsada, AQSh va Yevropa moliyaviy inqirozga yechim topishda yakdil emasligi ayon bo'lmoqda.

Yevropa davlatlari rasmiy Vashington kabi o'z tizimlarini qutqarish uchun xarajatlarni ko'paytirmoqchi emas.

Britaniyalik mutaxassis Robin Sheferdning aytishicha, Katta Yigirmalik vaziyatni o'nglay olmaydi.

"Yevropa davlatlari krizisni yengish uchun nima qilish kerakligi haqida AQShdan ko'rsatma olishni istamaydi. Ammo boshqa tomondan moliyaviy inqirozga yechim topishda hamkorlikni kuchaytirish lozimligini yaxshi anglaydi. Shu sabab Yevropa AQShga qarata, hech kim muammoni hal qilish formulasiga ega emas, har kim o'zi bilgan chorani qo'llab, hamkorlikni ham esdan chiqarmaslik kerak deb aytmoqda," deydi Sheferd.

Obamaning Yevropaga safari davomida Afg'oniston masalasi ham diqqat markazida bo'ladi.

Tashqi aloqalar bo'yicha Yevropa kengashi tahlilchisi Daniel Korskining aytishicha, Qo'shma Shtatlar Yevropadan Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborishni so'raydi, ittifoq a'zolari esa Amerikada Afg'onistonni barqarorlashtirish borasida aniq reja bo'lmaguncha bunday qilmoqchi emas.

Fransiyalik tahlilchi Filip Moro Defarj Obama Yevropa hukumatlarini Afg'onistonga qo'shimcha askar yuborishga ko'ndira olishiga shubha bilan qaraydi.

"Yevropaliklar va ayniqsa Fransiya nazarida afg'on urushi harbiy jihatdan boy berilgan. Ular Obamadan muammoga siyosiy yechim kutmoqda. Yevropani Afg'onistondan chiqish masalasi qiynamoqda," deydi Defarj.

AQSh va Yevropa munosabatlaridagi muammoli boshqa masalalar Bush ma'muriyatidan o'tgan. Bular - Ukraina va Gruziyaning NATOga a'zo bo'lish ehtimoli va Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasi. Tizim mezbonlari - Polsha va Chexiya reja taqdirini bilmoqchi, chunki Obama Rossiya bilan aloqani yaxshilash maqsadida rejadan voz kechishi mumkinligi haqida gapirgan.

Mavjud qarama-qarshiliklarga qaramay, Yevropa Obama ma'muriyatining iqlim o'zgarishi va Eron bo'yicha siyosatida tub burilish yuz berganidan, Guantanamo qamoqxonasini yopish qaroridan mamnun.

Parijdagi Amerika universiteti professori Xol Gardnerning aytishicha, yevropaliklar Obamaning hokimiyat tepasiga kelishi bilan Amerikaning yakkahokimligiga chek qo'yildi, Qo'shma Shtatlar ko'p qirrali siyosat olib boradi, Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda ish qiladi deb ishonadi.