Shimoliy Koreya raketa sinovi ketidan Yaponiya bu mamlakatga iqtisodiy sanksiyalarni yangilab, AQSh bilan hamkorlikda BMT Xavfsizlik Kengashini keskin rezolyutsiya qabul qilishga chaqirmoqda. Rasmiy Pxenyan sun'iy yo'ldosh uchirganini aytgan, ammo G'arb Shimoliy Koreya buning bahonasida uzoq masofali raketasini sinovdan o'tkazgan deydi.
Yaponiya tomonidan 2006 yilda qo'yilgan sanksiyalar dushanba kuni tugashi kerak edi, biroq raketa sinovi Tokioni Pxenyanga nisbatan sanksiyalarni yana bir yilga cho'zishga majbur qildi.
Ularga muvofiq Shimoliy Koreya Yaponiyaga eksport qila olmaydi hamda fuqarolari va kemalarining Yaponiya hududiga kirishi taqiqlanadi. Rasmiy Tokio shuningdek Shimoliy Koreyaga valyutasini o'tkazishni ham cheklab qo'ygan.
Biroq tahlilchilar nazarida bu kabi cheklovlar Pxenyanga ta'sir qilmaydi. Tokiodagi universitet professori Robert Dujarrichning aytishicha, Shimoliy Koreya Yaponiyadan usiz ham ko'p yordam olmagan.
BMT Xavfsizlik Kengashida Shimoliy Koreyaga ittifoqchi ikki davlat - Rossiya va Xitoy pozitsiyalari tufayli haligacha sinovni qoralovchi rezolyutsiya qabul qilinmagan. Shu sabab BMT sanksiyalari ham kengaymasligi mumkin.
Dujarrich nazarida kengash a'zolarini ayni damda boshqa masalalar ko'proq tashvishga solmoqda.
"Hamma iqtisodiy tanazzul oqibatlarini yumshatish bilan ovora. Shimoliy Koreya sinovi ularga hayot-mamot masalasi emas," deydi tahlilchi.
Ba'zi kuzatuvchilar Shimoliy Koreyada rahbar Kim Chen Ir siyosiy sahnadan ketgach vaziyat o'zgarishiga umid qilmoqda.
Bir necha oy davomida jamoatchilikka ko'rinmagan 67 yoshli siyosatchi ba'zi xabarlarga ko'ra o'tgan yili insultga uchragan edi, ammo Shimoliy Koreya hukumati ushbu xabarlarni rad etgan. Bu hafta esa ko'rinishdan ancha ozigan Kim Chen Ir xalq kengashi yig'inida ishtirok etib, hokimiyat hali ham uning qo'lida ekanini namoyish etgan.