Global inqirozdan aziyat chekkan mamlakatlar yaqin orada xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qo’shimcha yordam olishi mumkin.
Xalqaro Valyuta Jamg’armasi va Jahon Bankining Vashingtondagi anjumanida jamg’arma resurslarini 250 milliard dollarga oshirishga kelishib olindi.
Jahon iqtisodiyotini qayta oyoqqa turg’azish qo’shimcha resurslar talab qilishi turgan gap. Krizisdan chiqish yo’llariga bag’ishlangan London sammitida dunyo rahbarlari shunday bayonot bergan edi.
250 milliard dollar mablag’ Xalqaro Valyuta Jamg’armasiga a’zo 185 davlat hisobidan ajratilishi kutilmoqda.
Misr Moliya vaziri Yusuf Butros-Galining aytishicha, “bugungi iqtisodiy vaziyat jiddiy va xalqaro hamjamiyat shunga munosib tarzda chora-tadbirlar ko’rmoqda. Ijobiy o’zgarishlar ham yo’q emas. Inqirozning eng og’ir davri o’tdi degan umid bor”.
Xalqaro Valyuta Jamg’armasi raisi Dominik Strauss-Kan fikricha krizisning salbiy oqibatlarini bartaraf etish yo’lida tashlangan qadamlar salmoqli, biroq yetarli emas. “Bank tizimini zaharli qarzlardan tozalashga e’tiborni qaratish lozim”, - deydi u.
Bu yil iqtisodiy jihatdan og’ir davr bo’lishi turgan gap, deydi Strauss-Kan. Xavotir shundaki, krizis ta’siri kutilganidan ham jiddiyroq bo’lishi mumkin. O’tgan yil so’nggida qilingan optimistik bashoratlar qayta ko’rib chiqilmoqda.