Qirol Abdulla: Obamaning Yaqin Sharqda hurmati baland

AQShda yangi prezident ish boshlaganiga uch oydan oshdi. Barak Obamaning shu kungacha nimaga erishgani tahlil qilinmoqda.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aksariyat amerikaliklar Obama rahbarlikni eplayapti, zarur o’zgarishlar qilmoqda va qilishga intilmoqda degan fikrda.

Amerikada rahbarlikka kelgan odamni uning Oq Uydagi birinchi 100 kunida sinashadi. Agar bu davr mobaynida prezident aniq bir yutuqlarga erisha olsa, tabiiyki, unga nisbatan ishonch oshadi.

5 may kuni Vashingtonda “Obama va Dunyo” mavzusida global forum bo’lib o’tadi. Unda jahon ahlidan tushgan savollarga javob beriladi. Unda siz ham qatnashishingiz mumkin.

Barak Obama nafaqat ichki balki tashqi siyosatda ham ulkan o’zgarishlar qilishga va’da bergan.

Yaqin Sharq tinchligi, jumladan, Isroil-Falastin mojarosiga barham berish uning ma’muriyati oldida turgan eng muhim vazifalardan. Iordaniya qiroli Abdulla nazarida Obama dunyoning bu qismida hurmat bilan tilga olinmoqda.

“Yaqin Sharqning qay davlati rahbari bilan gaplashmang, ular Obamaga umid bilan qaramoqda”,- deydi Abdulla. “Isroil-arab kelishmovchiligiga yechim topish mintaqamizga barqarorlik va tinchlik olib keladi. Busiz biz mojarolar o’chog’i bo’lib qolaveramiz”,- deydi Iordaniya qiroli.

Eron va uning yadroviy maqsadlari Yaqin Sharqqa g’ulg’ula solib turgan yana bir masala. Barak Obama bu davlat rahbariyati bilan yuzma-yuz muloqot boshlash harakatida.

Iordaniya qiroli bu tashabbusni quvvatlab, Eronni hamjihatlikka undamoqda. Yevropa Ittifoqi ham Eronga "imkoniyatdan foydalaning" deya maslahat bermoqda.

Islomiy respublika prezidenti Mahmud Ahmadinajod AQSh taklifiga aniq javob bermagan, ammo muloqotlarda hech kim kamsitilmasligi kerak, hammaning fikri birdek tinglanishi lozim deya qayd etgan.

Barak Obamaning Navro’z tabrigi Eronda jamoatchilik tomonidan iliq kutib olingan. Lekin o’tgan hafta Ahmadinajod Jenevada irqchilik haqidagi anjumanda so’zga chiqib, Isroil davlatini qoralagan, uni millatchilikka asoslangan zolim bir tuzum deb atagan.

Yahudiylar katta siyosiy kuchga ega Amerikada bu kabi chiqishlar xavotir va norozilik bilan qabul qilingan. Obama “har qanday muzokara nafrat yoki g’azabga emas, o’zaro manfaatlarga asoslanishi kerak” deb keladi.Oq Uy Eronda iyun oyida prezident saylovlari o’tgandan keyin bu davlat bilan muloqot boshlamoqchi.