Sir emaski, Barak Obamaga Jorj Bush davridan katta siyosiy mashmashalar, urushlar, qolaversa yaqin tarixdagi eng ulkan iqtisodiy inqiroz meros bo'lib qoldi.
Obama asosiy diqqatni
moliyaviy tushkunlikdan chiqishga qaratmoqda. Ammo bugungacha nimaga erisha
oldi?
Barak Obama Oq Uyni umid uchquni bilan egalladi. Amerika o'tgan yarim asrdan beri bu qadar iqtisodiy tushkunlikka tushmagan edi.
"Bugundan binoan boshni ko'tarib, loqaydlikni bas qilib, mamlakatimiz ravnaqi
uchun ter to'ka boshlaymiz",- degan edi Obama o'zining birinchi prezidentlik
nutqida.
Bu so'zlardan 100 kun o'tib Amerika hamon tanazzul domida. Qayerga qaramang,
ishsizlik, moliyaviy yetishmovchilik. Prezident hali ishni eplay olgani yo'q,
deydi muxolifatchilar.
"Prezidentning birinchi 100 kunini qoniqarli deb baholagan bo'lardim. Qarorlari hali samara bergani yo'q",- deydi Alan Viard, respublikachilar va ularning siyosiy qarashlarini quvvatlovchi ilmiy institut xodimi.
Barak Obama, deydi u, Amerika xalqiga byudjetdagi kamomadni kamaytiraman deb va'da bergan. Qanday qilib, deya so'raydi mutaxassis.
Uch yarim trillion dollarlik
byudjet bilan chiqqan prezident o'rtahol oilalar uchun daromad solig'ini
pasaytirmoqchi.
"Mayli, o'rta sinf uchun soliqni kamaytirdik ham deylik. Lekin xarajatlarni
qanday qoplaymiz? Ijtimoiy ta'minot uchun mablag'ni qayerdan olamiz"? – deya
taajjublanadi Alan Viard.
"Prezidentning iqtisodiy dasturini tushunmayapman.
Soliqlarning kamaygani yaxshi, ammo byudjet asosi soliq ekanini unutmaslik
kerak", -deydi bu konservativ sharhlovchi.
Obama va uning tarafdorlari esa respublikachilarni tirnoq tagidan kir qidirayotganlikda ayblaydi. Iqtisodni ishdan chiqargan o'zi ular, deydi demokratlar. Obama ko'rayotgan iqtisodiy choralar albatta meva beradi, deya ishonch bildiradi tahlilchi Joshua Piker.
"Odamlar iqtisodiyotga yana umid bilan qaramoqda",- deydi olim. "Xarid ko'lami oshgan. Sarmoya oqimi ham yomon emas. Ko'chmas mulk bozorida biroz jonlanish bor. Inqirozdan chiqish oson emas, vaqt kerak",- deydi Joshua Piker.
Prezidentning har bir qarori a'lo bo'lmasligi mumkin; qoqilish, afsuslanish tabiiy hol. Lekin, eng muhimi, bugun amerikaliklarning o'ziga ishonchi oshgan. Obamani xorij ham quvvatlamoqda, deydi Joshua Piker.
"Prezident muammolarni ochiq tan oladi. Vaziyat murakkab ekanini yashirmaydi. 100 kunga qarab uni yaxshi yoki yomon prezident deb baholash qiyin. Vaqt xolis hakam. Obama ishni eplashiga ishonaman",- deydi liberal sharhlovchi.
Amerikaliklar oshkoralikni sevadi; rahbar konkret ish yurita olsin va xalqqa aniq va lo'nda gapirsin, deydi ular. Har bir amerikalik prezidentni ana shu talablar asosida baholayotgan bo'lsa ajabmas.