Grippga qarshi kurashga millionlab ko'ngilli safarbar etilmoqda

Xalqaro Qizil Xoch Federatsiyasiga ko’ra, cho’chqa grippi tez suratlarda tarqalmoqda va uning asoratlariga qarshi kurashish uchun 130 davlatda faol choralar ko’rilmoqda.

Bu boradagi mutaxassis doktor Tammam Aloudatning aytishicha, choralar har bir mamlakatda har xil. Ko’ngillilar aholini nima qilish kerakligi haqida xabardor qiladi.

"Ular nazorat o’rnatib, zararlanish hollari haqida axborot beradi. O’tmishdagi tajribadan shu narsa ma’lumki, agar aholi ba’zi bir oddiy qoidalarga amal qilsa, virusning oldini olish, ta’sirini kamaytirish va o’lim hollarini cheklash mumkin bo’ladi," deydi ekspert.

Qizil Xoch global pandemiya tahdidini jiddiy qabul qilish bilan birga, ortiqcha vahimaga berilmaslik kerak deydi.

Tashkilot mutaxassisi Pyer Duplessisning aytishicha, mahallalar faolrol o’ynashi, karantinga rioya qilishi, kasallarni ajratib qo’yishi lozim.

"Kasallar ham o’z navbatida uydan chiqmasligi kerak. Karantindagi uylarni oziq-ovqat, suv va boshqa jihozlar bilan ta’minlab turish zarur. Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, masalan, yo’talganda og’izni yopish, qo’lni sovun bilan yuvish kerak. Oddiy choralar bilan ko’p odamlar hayotini saqlab qolish mumkin," - deydi mutaxassis.

Qizil Xochga ko’ra cho’chqa grippi pandemiyasi qanday kechishini bashorat qilishga hali erta.

Kasallik keng quloch yozgan Meksikada maktablar, muhim bo’lmagan idoralar, do’konlar kelasi 5 kun ichida yopiq bo’ladi. AQShda hamba’zi maktablar yopilgan. Meksika prezidenti Felipe Kalderon odamlarni uydan chiqmaslikka chaqirmoqda.

Jahon Sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, ayni damda 11 mamlakatda 331 kasallanish hollari qayd etilgan. Bugun Daniya va Gong-Kongda ham cho’chqa grippi alomatlari topilgan.