Pokistonga noharbiy yordam berish masalasi muhokamada

Kecha AQSh Senatida Pokistonga noharbiy yordamni uch karra oshirishga qaratilgan qonun loyihasi taqdim etildi. Uning mualliflari - ikki nufuzli senator. Loyihani prezident Obama ham qo'llab-quvvatlamoqda.

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi, demokrat Jon Kerri va qo'mitaning uzoq yillik sobiq raisi, respublikachi Richard Lugar taklif qilayotgan hujjatga ko'ra, kelasi 5 yil ichida Pokistonga jami 7.5 milliard dollar beriladi - yiliga 1,5 milliarddan. Pul maktablar, yo'llar va tibbiy muassasalar qurishga sarflanadi. Qonunda besh yillik muddat tugagach moliyalashtirishni yana 5 yilga cho'zish taklif etiladi.

AQShning Pokistonga nisbatan strategiyasini o'zgartirish vaqti keldi. Yordamni hukumatga emas, Pokiston xalqiga berish lozim, deydi Kerri. Uzoq yillar davomida Qo'shma Shtatlar Pokiston rahbariyati bilan hamkorlik evaziga unga harbiy hordam ko'rsatib, xalq ehtiyojlariga e'tibor qaratmagan, deydi senator.

"Buning natijasida pokistonliklarning aksariyati Amerikaga al-Qoidadan ham kattaroq tahdid sifatida qaray boshladi. Bunday dunyo qarashni o'zgartirmas ekanmiz, terror guruhlari mamlakatda kuchayib boraveradi," deydi Kerri.

Ertaga Vashingtonda Barak Obama Pokiston va Afg'oniston prezidentlari bilan uchrashadi. Chegara hududlaridagi zo'ravonlikka barham berish yo'llari muhokama etiladi.

Senator Kerrining aytishicha, Pokiston qaltis nuqtada turibdi.

"Pokiston notinch mintaqada barqarorlik garovi bo'lishi yoki radikalizm va zo'ravonlik markaziga aylanishi mumkin," deydi u.

Qonun loyihasi hammuallifi senator Richard Lugarning aytishicha, hujjatda harbiy yordam ma'lum shartlar asosida berilishi takidlangan.

"Xavfsizlik uchun berilgan pul faqat Tolibon va al-Qoidaga qarshi kurash uchun sarflanishi zarur. Pul mamlakatda mustaqil sud tizimining rivojlanishi, hukumat mas'uliyati, inson huquqlarining e'zozlanishiga qarab berilishi lozim," deydi Lugar.

Vakillar Palatasi ham ushbu mavzuda o'z loyihasi ustida ishlamoqda.