Rossiyada kim hokim?

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning hokimiyat tepasiga kelganiga bir yil to'ldi. Mutaxassislar Medvedev mamlakatni nomiga boshqaradi, hokimiyat esa bosh vazirlikka o'tgan Vladimir Putin qo'lida qoladi degan edi. Bugun ham ko'pchilikni o'sha savol qiynaydi: Rossiyada kim hokim?

Ba'zi kuzatuvchilar fikricha, Barak Obamaning 100 kunlik faoliyati Dmitriy Medvedevning bir yillik faoliyatidan boy va mazmunli. Uning birinchi yili prezidentlik muddatini cho'zishga qaratilgan konstitutsion o'zgartirish bilan esda qolishi mumkin, ammo bu, deydi ayrim tahlilchilar, Putinning prezidentlikka qaytishi uchun qilingan.

Muxolifatdagi Kommunistik partiya rahbari Gennadiy Zyuganovning aytishicha, Medvedev boshida ko'p yaxshi bayonotlar qilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashishdan tortib muxolifat bilan muloqot qilish rejasigacha.

"Hattoki muxolifat uchun televideniyeda vaqt berishni taklif etgan edi. Ammo hukumat, vazirlar, gubernatorlar va mahalliy hokimiyatlar faoliyati amalda buning aksini ko'rsatmoqda," deydi Zyuganov.

Medvedev inson huquqlari faollari bilan uchrashib, demokratik islohotlar haqida og'iz ochgan bo'lsada, faollarni ta'qib qilish to'xtamagan.

Karnegi jamg'armasining Moskvadagi vakili Masha Lipmanning aytishicha, bunday uchrashuvlar bilan Medvedev "tanqidiy fikrlar va muammolar bo'lsa, to'g'ri menga uchrang, jamoatchilikni bezovta qilmang" demoqchi.

"Medvedev ma'muriyatimning muvaffaqiyatli iqtisodiy siyosatini davom ettiradi" degan edi Putin o'tgan yilgi prezident saylovlari kampaniyasi davrida. Medvedevning saylanishi moliya bozorida ijobiy qabul qilinib, aksiyalar ikki hafta davomida o'sgan. Biroq shundan so'ng iqtisodiyot sustlasha bordi. Putin iqtisoddagi muammolar va moliya tizimidagi kamchiliklarni tan olar ekan, inqirozga Rossiya rahbarlari emas, xorijdagi jarayonlar sabab bo'lgan deydi.

Putinning aytishicha, AQSh ko'chmas mulk bozoridagi muammolar jahon moliya tizimini karaxt qilib, moliya bozoriga ishonch yo'qoldi.

"Bu esa iqtisodiyotning turli jabhalarida aks-sado berdi," deydi u.

Xo'sh, Rossiyani kim boshqarmoqda?

"Konstitutsiya bo'yicha mamlakat tashqi siyosatini prezident idora etadi," degan edi Medvedev o'tgan yili saylovlardan so'ng.

Biroq mamlakat tashqi siyosati uchun dolzarb hisoblangan Gruziya-Rossiya urushi davrida Putin Medvedevdan ko'ra ko'proq faollik ko'rsatib, urush zonasiga yaqin joyga boradi.

Masha Lipmanning aytishicha, Putin prezident bo'lmasada, armiya va xavfsizlik apparati ustidan nazoratni o'z qo'lida saqlab qolgan.

Yaqinda Rossiyada o'tkazilgan mustaqil so'rov natijalariga ko'ra, so'ralganlarning atigi 15 foizi mamlakatni Medvedev boshqaradi degan, 50 foizi esa hokimiyat prezident va bosh vazir o'rtasida teng taqsimlangan degan fikrda.