Yevropa Ittifoqi Rossiya gaziga tobelikni kamaytirish maqsadida to'rt davlat bilan yangi quvurlar qurish to'g'risida bitim imzoladi. Bular Misr, Turkiya, Ozarbayjon va Gruziya. Bu bilan Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq yonilg'isi bir necha quvur yordamida Turkiya orqali Yevropaga uzatiladi.
Ozarbayjon va Misr gazga boy, Turkiya va Gruziya esa ana shu gazni tranzit qilishda muhim rol o'ynovchi davlatlardir. Nabukko deb nomlanuvchi quvurlardan biri, Yevropa Ittifoqi nazarida 2014 yilgacha ishga tushirilishi lozim.
Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozoning aytishicha, Yevropa Ittifoqi loyihaga huquqiy, moddiy va siyosiy tomondan hissasini qo'shadi.
"Energetika - bu savdo mahsuloti, ammo shu bilan birga siyosiy xususiyatlari ham bor," deydi Barrozo.
Yevropa gazning 25 foizini Rossiyadan oladi. Ammo yanvar oyida tranzit davlat - Ukraina bilan narx bo'yicha yuzaga kelgan mojaro oqibatida qit'a bir necha hafta yonilg'isiz qolgan edi. Kelajakda buning oldini olish uchun Yevropa yonilg'i manbalarini diversifikatsiya qilmoqchi.
Pragada o'tgan majlisda Qozog'iston, Turkmaniston va O'zbekiston vakillari ham ishtirok etgan. Xabarlarga ko'ra, ular bitimga qo'shilmagan. Iroq esa umuman sammitga bormagan.
Nabukko loyihasining asosiy ishtirokchilaridan Turkiya Yevropa Ittifoqiga a'zolik bo'yicha o'tayotgan muzokaralarni sust deya, loyihani muzlatib qo'ymoqchi edi. Loyihalardan yana biri - Turkiya-Gretsiya gaz quvuri.
Yakuniy manzil - Italiya. Yevropa Ittifoqi O'rta Yer dengizi va Qora dengiz neftini Qozog'iston va Ozarbayjon orqali uzatishga qaratilgan loyihalarni ham ko'rib chiqmoqda.