Muhojirlar: "Andijonni unutmaslik kerak"

Bugun Andijon voqealariga 4 yil to’ldi.

2005 yilning 13 mayida Andijonda aslida nima bo'lgani hamon mavhum. Ammo o'sha mudhish kunda halok bo'lganlar ruhi dunyo bo'ylab xotirlanmoqda, fojia oqibatlari tahlil qilinmoqda.

O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi oldida namoyishga chiqqan guruh qamoqdagi siyosiy mahbuslar ozod etilishini so’ramoqda.

Yevropaning qator shaharlarida ham o’xshash tadbirlar o’tgan.

Toshkentda "Matonat" yodgorligi oldida piket o’tkazishga intilgan huquq faollarini esa militsiya olib ketgan.

Andijon fojealariga 4 yil to’lishi munosabati bilan rejalangan xotirlash marosimi ishtirokchilari 12 maydanoq nazoratga olingan.

13 may kuni ertalab "Matonat" yodgorligi poyida rejalangan tadbirga deyarli hech kim yetib bormagan. O’zbekiston huquq himoyachilari alyansi a’zosi voqea joyidan olib ketilgan.

“Men haykal poyiga ikki dona gul qo`yishim bilanoq qo`llarimni qayirib olib ketishdi. Hech kim mendan hech narsani so`ragani yo`q. Hozir ichki ishlar boshqarmasidaman. Ma`muriy javobgarlik bo`yicha protokol tuzishayapti. Boshqalarni esa hatto uylaridan olib ketishgan”, - deydi alyans a`zosi.

Xotirlash aksiyasi tashkilotchilaridan biri, O’zbekiston huquq himoyachilari alyansi a`zosi Yelena Urlayeva ertalab uydan chiqishi bilan ichki ishlar boshqarmasiga olib ketilgan.

Huquq himoyachisi Sur’at Ikromovga ham qurbonlar xotirasi uchun gulchambar qo’yish imkoniyati berilmagan.

“O`tgan yil shu paytda xorijda edim. Avvalgi yillari qatnashgan edim. O`tgan yil safarda bo`lganim uchun, bu yil qurbonlarni xotirlash uchun yodgorlik poyiga gul qo`ymoqchi edim, lekin hozircha ichki ishlar boshqarmasidaman, terrorizmga qarshi kurash bo`limiga yuqoridan topshiriq bo`lgan ekan”, - dedi Sur’at Ikromov.

Yelena Urlayevaning aytishicha, 13 may kuni xotirlash tadbiri o’tkazilishi haqida shahar hokimiyatiga rasman ariza bilan murojaat qilingan.

Unda kamida 20 faol qatnashishi kutilgan, biroq marosim hokimiyat qarshiligi bilan amlga oshmay qolgan. Shu kuni "Matonat" yodgorligi ertlabdan to`sib qo`yilgan, shahar hokimiyati zudlik bilan ta`mirlash ishlarini boshlagan.

13 may kuni 2005 yilda Andijon fojeasiga to`rt yil to`ldi. Mahalliy faollarning fojea qurbonlarini xotirlash uchun qilgan harakatlari har yili turli to`siqlarga uchrab keladi.

Hukumat Andijon fojealarida 180 dan oshiq kishi qurbon bo`lganini e`tirof etadi. Mahalliy faollar esa qurbonlar bir necha barobar ko`p, ularning aksariyati tinch aholi edi, deydi. Andijon fojeasi qurbonlarini xotirlash marosimlari asosan mamlakat tashqarisida o`tmoqda.

Moskvada Andijon voqealari yodga olindi

Muhojirotdagi o’zbek faollari G’arb, qolaversa, Rossiyada O’zbekiston elchixonasi oldida namoyishlar o’tkazgan.


Hamroyev “jahon Andijon fojiasini unutmasligi, u yerda aslida nima bo’lganini mustaqil tergov qilishga harakat qilmog’i lozim”, deydi.

"O’zbekiston hukumati Andijon fojealaridan qancha odam qatlion qilinganini, bu haqda umuman gapirilmasligi yoki xalqaro mutaxassislarni mamlakatga kiritib, voqeani o’rganishga ruxsat bermasligi – bu jinoyatni yashirishdir”,- deydi Bahrom Hamroyev.

Uning aytishicha, bugun muxbirlar Andijon fojeasi haqida yetarlicha yozmayapti.

“Biroq aminmanki, Andijon voqealaridan oldin va keyin qancha odamlar qamoqqa olingani, qancha yoshlarimiz Karimov rejimidan halok bo’lgani, uzoq vaqt qamoqxonalarda yotgani haqida keyinchalik atroflicha yoziladi. Biz umid qilgan edik, Yevropa davlatlari va Rossiya haqiqiy holatni aniqlab, Karimov ma’muriyatini majbur qilishiga ishongan edik. Afsuski, bu umid bugun o’chib borayapti, bu davlatlardan umidimiz yo’q”,- deydi Bahrom Hamroyev.