Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakil Toni Bleyr AQSh Senatida bo'lib, mintaqadagi vaziyat bo'yicha axborot bergan. Bleyr Yaqin Sharq tinchlik jarayoni bo'yicha muzokaralarni olib borayotgan Qo'shma Shtatlar, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ya'ni Yaqin Sharq to'rtligining vakili sifatida ish olib bormoqda. U vaziyatni ijobiy baholab, Falastin davlatining barpo etilishiga qulay sharoit mavjud deydi.
"Prezident Obama buni siyosatining ustuvor yo'nalishi etib belgilashi juda muhim. Davlat kotibi Xillari Klinton ham vaziyatni yaxshi biladigan, chuqur tushunadigan arbob," deydi Bleyr.
Sobiq bosh vazir muammolar ham borligini tan oladi, xususan Falastin ichidagi siyosiy nizolar, Isroilning Falastin yerlarida uylarni qurishda davom etishi. Toni Bleyr har ikki tomon yil oxirigacha tinchlik rejasiga sodiq ekanini, niyati xolis ekanini namoyish etishi zarur deydi.
Senat Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi demokrat Jon Kerrining aytishicha, arab davlatlarining aksariyati Isroilni yer evaziga tinchlik asosida tan olishga tayyor.
"Mintaqada vaziyat o'zgarmoqda. Arab davlatlari Isroildan ko'ra hozirda Eronga xavotir bilan qaramoqda."
Dushanba kuni prezident Obama Oq uyda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni qabul qiladi. Ba'zi tahlilchilar nazarida Isroil ham Eronni yadroviy tahdid deb bilar ekan, Netanyaxu ham mintaqada tinchlik jarayonini tezlatishdan manfaatdor.
"Eron yadro dasturi va Yaqin Sharq tinchligini bir-biridan ajratib bo'lmaydi. Agar Eron masalasida muvaffaqiyatga erishmoqchi bo'lsak, Isroil-Falastin mojarosini imkon qadar tez hal qilish lozim," deydi Toni Bleyr.
Isroil bosh vaziri bilan uchrashuvdan bir necha kun o'tib Barak Obama Falastin va Misr prezidentlarini ham qabul qiladi.
Prezident Obamaning Yaqin Sharq bo'yicha vakili Jorj Mitchellning aytishicha, insonlar boshlagan mojarolarni insonlar hal etishi mumkin. Biroq tahlilchilar arab-Isroil ixtilofiga barham berish harakatlari bir necha o'n yildan beri davom etayotganiga ishora qiladi.
Obama ma'muriyati masalaga bosqichma-bosqich yondashmoqda. Avval Isroildan Falastin yerlarida yangi uylar qurishni to'xtatish so'ralmoqda. Arablar esa yahudiy davlatga qarshi siyosatga chek qo'yishi lozim. Vashingtondagi Vudro Vilson nomidagi tahlil markazi mutaxassisi Aaron Millerning aytishicha, Obama o'tmishda samara bergan usullardan ham foydalanishi zarur.
"Arab-Isroil muzokaralarida yutuqlarga erishmoqchi bo'lgan Amerikaning har bir prezidenti tomonlarni rag'batlantirish va bosim qo'yishga tayyor turishi kerak. Sobiq davlat kotiblari Genri Kissinjer va Jeyms Beyker shunday siyosat yuritgan," deydi Miller.
Qo'shma Shtatlar nazarida mintaqada bir-birini hurmat qiluvchi ikki qo'shni mustaqil davlat - Falastin va Isroil bo'lgan taqdirdagina tinchlik kamol topishi mumkin.
Ammo, deydi Bostondagi Brendays universiteti professori Shay Feldman, Obama Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuni mustaqil Falastin davlati Isroilga tahdid bo'lmasligiga ishontira olishi lozim.
"Davlatning o'z armiyasi bo'ladi. Havo hududi va chegaralarini butunlay nazorat qilish vakolati bo'ladi. Isroil bularni o'ziga tahdid deb bilsa, Falastin murosa qilib, ba'zi vakolatlaridan voz kechishiga to'g'ri keladi," deydi Feldman.
Falastin prezidenti Mahmud Abbosga maslahatchi bo'lgan G'ayt al Umari fikricha ham tomonlar davlat tushunchasini turlicha izohlamoqda. Biroq shunday bo'lishi diplomatik strategiyaning bir qismdir, deydi u.
"Vaqti kelib har ikki tomon davlat tushunchasi haqida bir to'xtamga keladi deb o'ylayman," deydi al Umari.
Tahlilchilar nazarida tinchlik jarayoniga ayni damda tahdid yo'q, biroq masala yechimini cho'zmaslik lozim, aks holda har ikki tomon toqatsizlanib, umidni yo'qotishi mumkin.
"Agar Falastin mustaqil davlatini barpo etish harakatlari keragidan ortiq cho'zilib ketsa, falastinliklar noroziligi kuchayib, zo'ravonlik jonlanishi mumkin," deydi Shay Feldman.
Arab rahbarlari orasida Yaqin Sharq tinchligiga hissa qo'shayotgan arboblardan hisoblangan Iordaniya qiroli Abdulla yaqinda prezident Obama bilan uchrashib shu ma'noda fikr bildirgan. Bu hol, deydi tahlilchilar, Obama ma'muriyatini mintaqada tinchlikka qaratilgan harakatlarni kuchaytirishga majbur qiladi.